AQSH davlat qarzi so‘nggi o‘n yilda ikki barobardan ko‘proqqa oshib, $40 trlnga yetdi. Bu haqda BBC nashri Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Qarzning o‘sishi Tramp va Bayden ma’muriyatlari davridagi ko‘p yillik katta xarajatlar, shuningdek, foiz to‘lovlarining izchil ortishi bilan bog‘liq. 2016-yilda AQSH davlat qarzi $20 trlndan sal kam bo‘lgan.

AQSH Kongressining Budjet boshqarmasi (CBO) 2026-moliya yili oxiriga kelib mamlakatning jami qarzi $39,6 trlnga yetishini prognoz qilgan edi.

Qarzning kutilganidan tezroq o‘sishi hukumatning qarz olish ehtiyoji qanchalik tez ortayotgani va bu kelgusidagi foiz xarajatlariga qanday ta’sir qilishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

CBO ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH $41,1 trlnlik davlat qarzi limitiga yaqinlashmoqda. 2036-yilga kelib qarz hajmi taxminan $64 trlnga yetishi prognoz qilinmoqda.

Federal hukumat budjet taqchilligini qoplash uchun ko‘proq mablag‘ qarz olayotgani sababli, iste’molchilar ham yuqori foiz stavkalari va inflyatsiya bosimiga duch kelmoqda.

18-avgust holatiga ko‘ra $40,05 trlnlik qarz AQSH g‘aznachiligining barcha muomaladagi obligatsiyalari, qisqa muddatli qimmatli qog‘ozlari va boshqa qarz majburiyatlarini qamrab oladi. Bu ikki prezident davrida mamlakat qancha miqdorda qarz olganini ko‘rsatadi.

Investorlar uchun mablag‘ jalb qilishda ishlatiladigan 30 yillik AQSH obligatsiyalari daromadliligi seshanba kuni 5,34% ga yetdi. Bu qariyb 20 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Daromadlilik deb ataladigan ushbu foiz stavkalari hukumat, kompaniyalar va iste’molchilarning qarz olish xarajatlariga ta’sir qiladi. Jumladan, ipoteka, avtokredit va kredit kartalaridagi foizlar ham shunga bog‘liq.

Obligatsiyalar daromadliligining yaqindagi keskin o‘sishiga AQSH va Eron o‘rtasidagi urush sabab neft narxlarining oshishi ham ta’sir ko‘rsatdi. Investorlar inflyatsiyaning kuchayishidan xavotirda.

Shuningdek, davlat qarzi bilan bir qatorda texnologik kompaniyalarning sun’iy intellektni rivojlantirish uchun ulkan miqdorda qarz olayotgani ham xavotir uyg‘otmoqda. Bunda investitsiyalarning qachon va qay darajada o‘zini oqlashi hozircha noaniq.


Avvalroq Spot birinchi chorakda O‘zbekistonning davlat qarzi biroz oshib, $47 mlrdga yetgani haqida yozgandi.

Qarzning 85%i tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri kelib, uning asosiy qismi budjetni qo‘llab-quvvatlash, energetika, transport va ijtimoiy sohalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.