Yaqin kunlarda Toshkent shahri uzra laboratoriya havo kemasi yordamida rejali parvoz tekshiruvlari o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zaeronavigatsiya markazi xabar berdi.

Tekshiruvlar ICAO — Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti hamda O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasining amaldagi me‘yoriy hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Ulardan maqsad radiotexnik vositalarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish hamda havo kemalarining xavfsiz va muntazam parvozini ta‘minlashdan iborat.

Tekshiruvlarga Avion Avia kompaniyasining Diamond laboratoriya havo kemasi jalb etiladi.

Samolyot Toshkent uzra taxminan 1000 metr balandlikda turli yo‘nalishlarda parvoz qilib, turli manyovrlarni bajarishi mumkin. Parvoz olti soatgacha davom etishi mumkin.

Shu sababli havo kemasi bir hudud ustidan bir necha bor uchib o‘tishi hamda odatdagidan farqli manyovrlarni bajarishi mumkin.

O‘zaeronavigatsiya markazi bu rejali tekshiruv jarayoni ekanini bildirib, xavotirga o‘rin yo‘qligini qayd etdi.

Spot, avvalroq, dunyodagi eng katta elektr samolyot ilk bor parvoz qilgani haqida yozgandi.