Avvalroq Spot 19-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda kichik gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.

O‘zbekgidroenergo boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida 2017−2026-yillarda davlat kompaniyasi umumiy quvvati 30 MVt bo‘lgan 46 ta mikro va kichik GESni foydalanishga topshirganini ma’lum qildi.

Alohida yo‘nalish Qoraqalpog‘iston bilan bog‘liq. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, u yerda kinetik turbinali, past bosimli 5 ta gidroagregat ishga tushirilib, ular mahallalar birlashmasiga topshirilgan.

Joriy yilning aprel oyida mikro yoki kichik GES qurishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar uchun xizmatlarning to‘liq klaster tizimi joriy etildi. U loyihalashtirishdan tortib uskunalarni yetkazib berish va obyektdan foydalanishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oladi.

Yig‘ilishda ushbu yo‘nalishni rivojlantirishni davom ettirish va mikro hamda kichik GESlar qurilishini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi. Buning uchun mahalliy uskunalar ishlab chiqarish ham rivojlantirilmoqda.

2025-yilda prezident tashabbusi bilan 40 MVtgacha quvvatga ega gidroagregatlar ishlab chiqaradigan UzHydroPower zavodi ishga tushirildi. Korxonaga ishlab chiqariladigan gidroagregatlar sonini keskin oshirish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, davlat rahbari sun’iy intellektdan foydalanish, shuningdek, jahon tajribasini o‘rganish va mahalliylashtirish, xususan, Janubiy Koreyadagi Kumsung hamda Yaponiyadagi Sibil zavodlarining ishlanmalari va tajribalarini o‘zlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘zbekgidroenergo tadbirkorlar uchun loyihani amalga oshirishning to‘liq bosqichlarini qamrab oluvchi uslubiy qo‘llanma ham tayyorladi. Unda mikro yoki kichik GES uchun joy tanlash va izlanishlar olib borishdan tortib, loyihalashtirish, qurilish va obyektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan jarayonlar yoritilgan.

Islom Abdurahmonov (chapdan ikkinchi). Foto: Prezident matbuot xizmatiIslom Abdurahmonov (chapdan ikkinchi). Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning 1-maydagi qaroriga muvofiq, O‘zbekgidroenergo joriy yilda 7,1 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Hozirgacha 6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Yil yakuniga qadar kompaniya ishlab chiqarish hajmini 115% ga — 8,3 mlrd kVt·soatgacha yetkazishni kutmoqda. Bu 2025-yilga nisbatan 27,6% o‘sishni anglatadi.

Abdurahmonov sezilarli natijalardan biri sifatida iyun oyidagi ko‘rsatkichni qayd etdi. O‘sha oyda respublikada ilk bor gidroenergetika hisobidan bir sutkada 50 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Yana bir topshiriq yangi loyihalarni ishga tushirish bilan bog‘liq. Joriy yilda umumiy quvvati 114 MVt bo‘lgan 13 ta obyektni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ulardan 6 tasi umumiy 52 MVt quvvatga ega bo‘lib, Mustaqillik kuni arafasida — 1-sentabrgacha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, prezident tashabbusi bilan $28 mln miqdorida grant mablag‘lari jalb qilingan. Ushbu mablag‘lar hisobidan Bo‘stonliq tumanida umumiy quvvati 20 MVt bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. Abdurahmonovning ta’kidlashicha, yil oxirigacha barcha loyihalar ishga tushiriladi.

Yana bir yo‘nalish — dual ta’limni rivojlantirish. Yig‘ilishda prezident bu boradagi ishlarni davom ettirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Hozir O‘zbekgidroenergo'da dual ta’lim asosida 100 nafar talaba faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Toshkent irrigatsiya institutining talabalarini yangi texnologiyalarni o‘rganishga jalb qilish vazifasi ham qo‘yildi.