Shavkat Mirziyoyev Akfa Group asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayevga chempion tadbirkorlar haqida kitob yozishni topshirdi. Bu haqda 18-avgust kuni Xivada bo‘lib o‘tgan prezidentning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida so‘z bordi.

Prezident Ortiqxo‘jayevga birinchi bo‘lib ushbu kitobni yozishni taklif qilar ekan, unga tadbirkorlar bosim va “maski-shou"larga duch kelgan o‘tgan davr (2017-yilgacha va islohotlar boshlanishidan avvalgi davr) haqidagi voqealarni alohida kiritishni buyurdi.

“Jahongir, senga birinchi topshirig‘im: chempion tadbirkorlar haqidagi mana shu kitobni birinchi bo‘lib sen yozasan. Uch oy ichida sifatli qilib yoz, o‘sha (oldingi yillardagi) ‘maska shou‘lar haqida ham yoz”, — dedi Mirziyoyev.

Ortiqxo‘jayev kitobda prezident biznes uchun avvalgi sharoitlarda yordam bergan tadbirkorlar haqida batafsil hikoya qilish mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosimga uchraganlar orasida mamlakatdan qochishga majbur bo‘lgan yoki halok bo‘lgan tadbirkorlar ham bor.

chempion tadbirkor, jahongir ortiqxo‘jayev, kitob, ochiq muloqot, prezident, shavkat mirziyoyev

U bunga misol tariqasida yirik mebel do‘konida ishlagan aka-ukalar voqeasini keltirdi: ulardan biri qamoqqa tushib, ozodlikka chiqqan, biroq ko‘p o‘tmay vafot etgan.

“Bu voqealarni yozmaslikning iloji yo‘q. Siz qo‘lingizdan kelganicha ko‘plab tadbirkorlarni qutqarib qoldingiz. Ochig‘ini aytsam, ularning qanchasi qochib ketdi, qanchasi halok bo‘ldi”, — dedi Ortiqxo‘jayev.

U bu voqealar kichik bir qism ekanini qo‘shimcha qilib, ularni batafsil to‘plab, prezidentga taqdim etishga va‘da berdi.

chempion tadbirkor, jahongir ortiqxo‘jayev, kitob, ochiq muloqot, prezident, shavkat mirziyoyev

“Agar ruxsat bersangiz, hammasini batafsil yozib, sizga taqdim etaman. Siz yordam bergan insonlar to‘g‘risida hikoyalar ko‘p”, — dedi tadbirkor.

Aynan shu uchrashuvda Ortiqxo‘jayev 2017-yilda islohotlar boshlanishi bilan tadbirkorlar uchun sharoitlar qanday o‘zgargani haqida ham gapirdi. Uning aytishicha, ilgari tadbirkorlar rivojlanish haqida emas, omon qolish haqida o‘ylagan, tadbirkorlik esa “maski-shou"lar tufayli qo‘rquv bilan bog‘liq bo‘lgan. Hozir esa, deya ta‘kidladi u, tadbirkorlar erkin va xavotirsiz ishlamoqda.

Spot, avvalroq, Ortiqxo‘jayev Yangi Toshkentda davlat idoralari binolarini xususiy kompaniyalar hisobidan qurishni taklif qilgani haqida yozgandi.