Akfa Group kompaniyalar guruhi asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev 18-avgust kuni Xivada bo‘lib o‘tgan prezidentning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida 2017-yilda mamlakatda islohotlar boshlanganidan buyon O‘zbekistonda biznes yuritish sharoitlari qanday o‘zgargani haqida gapirdi.
Ortiqxo‘jayev ko‘p yillar avval tadbirkorlik faoliyatini boshlaganlar biznesga nisbatan bosimlarni yaxshi eslashini ta’kidladi.
“Ilgari biz yurak hovuchlab biznesimizni rivojlantirish haqida emas, qanday qilib omon qolish haqida o‘ylardik. O‘sha mashaqqatli kunlar, “maska-shou"lar bizni shu qadar qiynaganki, “tadbirkorlik” so‘zining o‘zi ham xavotir uyg‘otardi”, — dedi u.
Tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha, halol mehnat qilib kompaniyalarini oyoqqa turg‘izgan biznesmenlar o‘sha paytda “jinoyatchilardek” qo‘rquvda yashagan. U ochiq muloqotda qatnashgan “sochlariga oq oralagan tadbirkorlar” qanday sinovlardan o‘tganini yaxshi eslashini qayd etdi.
Shu bilan birga, Artiqxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi tadbirkorlar avlodi butunlay boshqa sharoitlarda faoliyat yuritmoqda.
“Bugungi yosh tadbirkorlar „jannatda“ yashayapti. Albatta, ular buni qadrlashlari kerak, hurmatli janob Prezident. Bugun tadbirkorlar erkin, qo‘rquv va xavotirsiz ishlamoqda, chunki ortimizda tayanchimiz — Prezidentimiz bor. Sizga katta rahmat”, — dedi u.
Jahongir Ortiqxo‘jayev. Foto: O‘zbekiston 24'dan skrinshot
U, shuningdek, O‘zbekistondagi vaziyatga bunday bahoni qo‘shni va boshqa xorijiy davlatlar tadbirkorlaridan ham eshitayotganini aytdi. Ortiqxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvlar davomida xorijlik biznesmenlar mamlakatda tadbirkorlikka ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash darajasini alohida ta’kidlamoqda.
“Dunyoda sizning Prezidentingizdek tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaydigan, ularning dardini tinglaydigan, muammolarini tizimli hal qiladigan va ularni o‘z himoyasiga oladigan prezident yo‘q”, — deya xorijlik tadbirkorlarning so‘zlarini keltirdi u.
Ortiqxo‘jayev, shuningdek, Akfa Group kompaniyasining AQSH bozoriga chiqishi haqida gapirdi. Uning ta’kidlashicha, prezident kompaniya uchun Amerika bozoriga yo‘l ochib bergan.
“Siz shaxsan bizga Amerikaga yo‘l ochib berdingiz. Bu yil Ohangaronda korxonani ishga tushirdik va hozirga qadar AQSHga $100 mlnlik mahsulot eksport qildik. Yil oxirigacha eksport hajmini $200 mlnga yetkazamiz”, — dedi tadbirkor.
Ortiqxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, AQSHga eksportning o‘sishi ham biznes uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasidir. “Bu ham aynan siz ochib bergan yo‘l”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Avvalroq Spot Perfectum egasi prezidentdan VEON bilan $200 mlnlik bitimni kelishishda yordam so‘ragani haqida yozgandi.