O‘zbekfilm kinostudiyasining kredit majburiyati 22,9 mln yevroni tashkil etmoqda. Bu haqda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ma‘lum qildi.

Uning qayd etishicha, kinostudiyaning mol-mulki, jumladan, yer maydonlari ham mazkur kredit uchun garovga qo‘yilgan. Bundan tashqari, O‘zbekfilmning soliqlardan qariyb 1 mlrd so‘m qarzdorligi mavjud.

Shu sababli kinostudiya balansidagi 12 ta avtomashina 12 kun ichida auksionga qo‘yilishi xavfi bor. Xodimlarning ish haqi bo‘yicha ham yirik qarzdorliklar shakllangan.

Ahmedovning ta‘kidlashicha, kinostudiya o‘zini saqlab turishi uchun yiliga kamida 60 mlrd so‘mlik buyurtma bajarishi kerak.

“Biznes modeli yo‘q. Bozor mexanizmiga to‘liq o‘tilmagan. Bu — oddiy raqamlar emas. Bu raqamlar ortida bir asrlik o‘zbek kinosi tarixi, uning obro‘si va taqdiri turibdi”, — deb yozdi Jahongir Ahmedov.

Kinematografiya agentligi direktori O‘zbekfilmni moliyaviy jihatdan barqaror, zamonaviy boshqaruvga ega, xususiy investitsiyalar va xalqaro hamkorlikni jalb qila oladigan hamda o‘z mahsuloti bilan bozorga chiqadigan milliy kino kompaniyasiga aylantirish zarurligini qayd etdi.

Uning fikricha, hozirgi asosiy vazifa O‘zbekfilmni saqlab qolish, kinostudiya mol-mulkini garovdan chiqarish va uning faoliyatini tubdan isloh qilishdan iborat.

Spot, avvalroq, xorijiy kinostudiyalarning O‘zbekistondagi 4 mlrd so‘mgacha film suratga olish xarajatlari qoplab berilishi haqida yozgandi.