Hukumat 8-iyul kuni xorijiy kino ishlab chiqaruvchilar tomonidan O‘zbekistonda film suratga olish uchun to‘lovlarni amalga oshirish tartibini tasdiqladi. Hujjat Lex.uz portalida e‘lon qilindi.
Mazkur qaror xorijiy kinokompaniyalarning respublika hududida film ishlab chiqarish uchun qilgan xarajatlarining bir qismini qoplashni (rebate) tartibga soladi. To‘lovlarni muvofiqlashtirish uchun Turizm qo‘mitasi mas‘ul hisoblanadi.
Xarajatlarni qoplash bilan bog‘liq xizmatlar Film in Uzbekistan platformasi orqali ko‘rsatiladi. Ushbu platformani 1-noyabrga qadar ishga tushirish topshirildi.
Dastur original ssenariylar asosidagi badiiy filmlar, tele- va veb-seriallar hamda asarlarning ekranlashtirilishini qamrab oladi. Shuningdek, u hujjatli va ilmiy-ommabop asarlarga ham taalluqlidir.
Ishtirok etish uchun xorijiy kompaniya Film in Uzbekistan platformasi orqali ariza topshirishi, verifikatsiyadan o‘tib, loyihaning noyob raqamini olishi lozim. Shuningdek, kinematografiya sohasida tashkiliy va ishlab chiqarish xizmatlarini ko‘rsatadigan hamda barqarorlik reytingi B darajasidan past bo‘lmagan mahalliy korxona bilan shartnoma tuzish talab etiladi.
Suratga olish ishlari yakunlangach, kompaniya 60 kun ichida xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni (shartnomalar, elektron hisobvaraq-fakturalar, cheklar, kvitansiyalar) taqdim etishi shart.
Dastur doirasida faqat O‘zbekistonning soliq rezidentlaridan xarid qilingan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlargina hisobga olinadi. Taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligi Soliq qo‘mitasi tizimlari orqali tekshiriladi.
Taqdim etilgan filmlar Turizm qo‘mitasi huzuridagi komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi va u to‘lovlarning maqsadga muvofiqligi hamda xarajatlarning asoslanganligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, to‘lov miqdori xarajatlar hajmiga bog‘liq bo‘ladi:
- 3 mlrd so‘mgacha — 10%;
- 3−5 mlrd so‘m — 15%;
- 5−10 mlrd so‘m — 20%;
- 10 mlrd so‘mdan yuqori — 25%.
Kompensatsiyaning eng yuqori miqdori bir film uchun 4 mlrd so‘mni tashkil etadi. Pul mablag‘lari 5 ish kuni ichida kompaniyaning bank hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
Turizm qo‘mitasi 1-oktyabrga qadar Film in Uzbekistan platformasida suratga olish uchun mo‘ljallangan potensial lokatsiyalar (tarixiy yodgorliklar, bog‘lar va hokazo), shuningdek, mavjud rekvizitlar ro‘yxatini tuzib, e‘lon qiladi. Qo‘mita, shuningdek, narxlarni ko‘rsatgan holda obyektlardan vaqtinchalik foydalanish va rekvizitlarni ijaraga berish tartibini ham tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Joriy yilda xorijiy kino ishlab chiqaruvchilarga to‘lovlarni amalga oshirish uchun Madaniyat vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan 5 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. 2027-yildan boshlab rebate dasturi xarajatlari Turizm qo‘mitasining prognozlariga muvofiq davlat budjetiga kiritiladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yagona raqamli platforma joriy etilishi haqida yozgandi.