Prezidentning Raqamli hukumat tizimini rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.
Unga ko‘ra, Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma joriy etish orqali 2028-yil oxirigacha davlat organlarining kamida 5 mingta ma‘muriy funksiyasi raqamlashtiriladi.
Davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va ekspluatatsiya qilish xarajatlari kamida 30% ga qisqartiriladi
2030-yil yakunigacha platforma ma‘lumotlari va namunaviy servislar asosida Yagona portalda sun‘iy intellekt asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar ulushi 10% ga yetkaziladi
Qog‘oz shaklidagi hujjat aylanishidan voz kechilib, vazirlik va idoralar qog‘ozsiz ish yuritishga hamda idoralararo elektron hamkorlikka o‘tkaziladi
Kamida 100 ta tahliliy modullarning muhim ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarining joriy tahlili asosida maʼlumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi joriy yil 1-avgustgacha xalqaro konsultantlar platformaning loyiha-texnik va arxitektura hujjatlarini ishlab chiqishga jalb etishi lozim.
1-dekabrga qadar esa Davlat xavfsizlik xizmati bilan birga platformada maʼlumotlar almashinuvi, xavfsizlik va davlat raqamli servislarini ishlab chiqish bo‘yicha yagona texnologik standartlar ishlab chiqiladi.
Platforma 2027-yil 1-iyulgacha ishlab chiqilishi lozim. Shu sanadan boshlab davlat axborot tizimlari platforma doirasida uning namunaviy raqamli komponentlaridan foydalangan holda yaratiladi va rivojlantiriladi.
Bundan davlat sirini, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan va bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan hamda harbiylashtirilgan tuzilmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning axborot tizimlarini ishlab chiqish mustasno hisoblanadi.
Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan platformaning funksionalini takrorlovchi davlat axborot tizimlarini yaratish va rivojlantirish taqiqlanadi.
Platforma doirasida davlat axborot tizimlari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohasida belgilangan tartibda xulosa olish sharti bilan yaratiladi va rivojlantiriladi.
Kelgusi yildan boshlab davlat organlari tomonidan ichki hujjat aylanmasi, qarorlar qabul qilish va kelishish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish platforma va uning raqamli komponentlaridan foydalangan holda elektron shaklda amalga oshiriladi.
Platforma doirasida davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari o‘rtasida maʼlumot almashinuvini osonlashtirish maqsadida ochiq integratsiya tamoyili joriy qilinadi.
7-iyul kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat boshqaruvining yagona raqamli platformasi joriy etilishi taʼkidlangandi. Yangi tizim dastlab Toshkentda sinov tariqasida ishga tushiriladi, 2027-yildan esa barcha hududlarga bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda xorijiy raqamli platformalar uchun monopoliyaga qarshi tartib o‘rnatilishi haqida yozgandi.