Milliy valyutadagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari iyul-avgust oylaridagi pasayishdan so‘ng barqarorlashdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Sentabr oyi yakunida so‘mdagi omonatlarning o‘rtacha daromadliligi 17,2% ni tashkil etdi. Bu avgust oyidagi ko‘rsatkich bilan bir xil. Shu bilan birga, yillik hisobda foiz stavkalari 2,1 foiz punktga, joriy yil boshidan esa 1,7 foiz punktga kamaydi.

markaziy  bank, omonatlar, so'mdagi omonatlar, stavka

Bir yilgacha bo‘lgan muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalar 14,2% ni tashkil etdi. Bu avvalgi oyga nisbatan 0,3 foiz punktga yuqori, biroq o‘tgan yilga nisbatan 3,4 foiz punktga past. Uzoq muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalar avgust oyidagi pasayishdan so‘ng biroz ko‘tarilib, 18,1% ga yetdi. Shunga qaramay, ular bir yil ichida 1,7 foiz punktga pasaygan.

Aholi uchun taklif etilayotgan omonatlarning o‘rtacha foiz stavkasi 18,4% ni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilgi darajadan qariyb 3 foiz punktga past.

Qisqa muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalar 15,6% ga teng bo‘ldi. Bu avgust oyiga nisbatan 0,7 foiz punktga oshgan, biroq yil davomida 5 foiz punktdan ko‘proqqa kamaygan. Uzoq muddatli omonatlar segmentida o‘rtacha stavka 18,8% ni tashkil etib, avgust oyiga nisbatan 0,1 foiz punktga, o‘tgan yilning sentabriga nisbatan esa 2,6 foiz punktga pasaydi.

Inflyatsion kutilmalar hisobga olingan holda, so‘mdagi omonatlarning real daromadliligi 8,9% ga yetib, yangi yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 1 foiz punktga ko‘p, yillik o‘sish esa 0,6 foiz punktni tashkil etdi.

Yuridik shaxslar uchun omonatlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi apreldan beri ilk bor pasayib, 15% ni tashkil etdi. Bu bir oyda 0,5 foiz punktga, yillik hisobda esa 2,1 foiz punktga kamaygan.

Bir yilgacha bo‘lgan muddatli depozitlar 13,3% dan taklif qilinmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,7 foiz punktga past. Uzoq muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha daromadlilik esa 16,1% ni tashkil etdi, bu yillik hisobda 1,6 foiz punktga kam.

Shu bilan birga, kutilayotgan inflyatsiyaning pasayishi hisobiga yuridik shaxslar omonatlarining real daromadliligi o‘tgan oydagi darajada — 5,3% da saqlanib qoldi. O‘tgan yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 0,4 foiz punktga oshgan.

markaziy  bank, omonatlar, so'mdagi omonatlar, stavka

Valyutadagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari 5,5% gacha ko‘tarilganidan so‘ng yana iyul oyidagi 4,4% darajasiga qaytdi. Bunga, asosan, qisqa muddatli depozitlar stavkalarining deyarli ikki baravar pasayib, 2,6% ga tushishi sabab bo‘ldi. Bir yildan ortiq muddatli omonatlar bo‘yicha esa stavkalar 5,7% gacha oshdi.

Jismoniy shaxslarning xorijiy valyutadagi omonatlari bo‘yicha stavkalar avgust oyidagi darajada — 5,4% da qoldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 0,3 foiz punktga yuqori. Shu bilan birga, uzoq muddatli omonatlar segmentida stavkalar 5,8% gacha ko‘tarildi.

Biznes uchun valyutadagi omonatlarning daromadliligi 2,8% gacha pasaydi. Bu o‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan 2,3 foiz punktga kam. Qisqa muddatli depozitlar bo‘yicha stavkalar 2,5% ni tashkil etib, bir oyda 3,1 foiz punktga pasaydi. Uzoq muddatli omonatlar bo‘yicha esa o‘rtacha stavka 4,4% ni tashkil etdi, bu avvalgi yilga nisbatan 1,5 foiz punktga past.


Avvalroq Spot bankrotlik yoqasidagi tadbirkorlar uchun maxsus bank hisobvaraqlari ochilishi haqida yozgandi.