O‘zbekistonda ketma-ket oltinchi kun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekordlar yangilandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yil 18-iyul kuni anomal issiq havo ta’sirida O‘zbekiston yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 294,4 mln kVt·soatni etdi. Bu o‘tgan yil yozgi mavsumidagi eng yuqori natijadan 21,8 mln kVt·soatga yoki 8% ga, joriy yil 17-iyuldagi iste’mol hajmidan esa 1 mln kVt·soatga (+0,34%) yuqori ko‘rsatkichdir.
Shu bilan birga, sutkalik ishlab chiqarish 297,1 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord o‘rnatdi. Ushbu ko‘rsatkich bir kun oldin qayd etilgan 296,1 mln kVt·soatlik rekorddan 1 mln kVt·soatga (+0,34%) yuqori bo‘ldi.
18-iyul kuni yagona energetika tizimining maksimal yuklamasi kechki soatlarda 13,7 GVtga yetgan. 19-iyul kuni ham havo haroratining yuqoriligi saqlanib qolgani sababli yuklama 13,4 GVtga yetdi. Vazirlik buni anomal issiq sharoitida dam olish kunlarida ham elektr energiyasiga bo‘lgan talab yuqori darajada saqlanib qolayotgani bilan izohlagan.
Yuqori yuklama fonida Toshkent shahrining Olmazor, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod, Uchtepa va Yashnobod tumanlaridagi ayrim elektr tarmoqlarida texnik nosozliklar yuzaga kelib, 6,8 mingdan ortiq iste’molchining elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatildi.
Vazirlikning qayd etishicha, barcha nosozliklar bartaraf etilib, elektr ta’minoti to‘liq tiklangan. Energetika tizimi korxonalari yuqori yuklama sharoitida kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.
Rekordlar ko‘rsatkichlar 13-iyuldan buyon qayd etilmoqda. Shu davr ichida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 278,6 mln kVt·soatdan 294,4 mln kVt·soatgacha, ishlab chiqarish hajmi esa 281,5 mln kVt·soatdan 297,1 mln kVt·soatgacha oshdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistadagi yirik podstansiyalarning 30% dan kamrog‘i modernizatsiya qilingani haqida yozgan edi.