Energetika vazirligi Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovi g‘olibini e’lon qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha doirasida Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 100 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish rejalashtirilmoqda.

Tender Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirilib, uning birinchi bosqichi, malaka tanlovi 2022-yilning aprel oyida boshlangandi.

Joriy yilning aprel oyida investor tanlash bo‘yicha tenderning takliflar so‘rovi (RFP) bosqichi boshlanib, birinchi bosqichda BAA, Saudiya Arabistoni, Gonkong, Xitoy, Turkiya, Fransiya hamda Hindistondan jami 9ta kompaniya takliflari kiritildi.

22-noyabr kuni qiziqish bildirgan 2ta xalqaro kompaniyadan moliyaviy takliflarning ochilish natijalari e’lon qilindi.

Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan bildirilgan taklif eng yaxshisi deya topildi. Kompaniya ishlab chiqariladigan 1 kVt/soat elektr energiyasi va elektr energiyasini saqlash tizimi uchun 4,09 AQSh senti taklif qildi.

Uning asosiy raqobatchisi “Abu Dhabi Future Energy” (Masdar) kompaniyasi tomonidan 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 4,99 AQSh senti taklifi bildirilgan. BAA kompaniyasi tenderning zaxira g‘olibi deya e’lon qilindi.

Tanlov hujjatlari yaqin kunlarda tender komissiyasi tomonidan YeTTB maslahatchilari ishtirokida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Moliyaviy takliflarning talab etilgan mezonlarga muvofiqligi baholangandan so‘ng loyihani amalga oshiradigan investorning nomi e’lon qilindi.

Tenderda g‘olib bo‘lgan investor shamol elektr stansiyasini loyihalashtiradi, moliyalashtiradi va boshqaradi.

2022-yilning avgustida “ACWA Power” tomonidan Qoraqalpog‘istonda quvvati 1500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi. Loyiha qiymati $2,4 mlrdga teng bo‘lib, u 2026-yilda ishga tushiriladi.

Mazkur loyiha bo‘yicha 2021-yilning mayida “ACWA Power” kompaniyasi bilan bitim imzolangandi. Sentabr oyida kompaniya 1 kilovatt-soat uchun 2.5 AQSh senti taklifi bilan g‘olib bo‘ldi.

Shuningdek, 2021-yilning dekabrida 100 MVt quvvatga ega shamol stansiyasi loyihasi bo‘yicha bitimlar imzolandi. Loyiha qiymati $108 mlnni tashkil etadi.