O‘zbekiston va Ozarbayjon energetika sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini, jumladan, avtomobil va aviatsiya yoqilg‘isini birgalikda ishlab chiqarishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda energetika vaziri Sherzod Xodjayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlatning energetika sohasidagi hamkorligi bir nechta yo‘nalishda rivojlanmoqda. Ulardan biri — Ustyurt platosida uglevodorodlarni qazib olish loyihasi. Yana bir yo‘nalish — O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan “yashil” energiyani Qozog‘iston va Ozarbayjon bilan hamkorlikda Yevropaga yetkazib berish.

Vazir O‘zbekiston va Ozarbayjonda neft mahsulotlarini, xususan, O‘zbekiston ehtiyojlari uchun avtomobil va aviatsiya yoqilg‘isini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklif qilinganini qayd etdi.

“Bu O‘zbekistondagi neftni qayta ishlash zavodlari hamda Ozarbayjonda qurilayotgan yangi neftni qayta ishlash zavodiga hamkor sifatida qo‘shilish, u yerda ishlab chiqarilgan mahsulotning bir qismini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha taklif”, — dedi u.

aviayoqilg'i, benzin, energetika, ozarbayjon, sherzod xodjayev

Sherzod Xodjayev. Foto: skrinshot

Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, bunday hamkorlik O‘zbekiston ichki bozorini neft mahsulotlari bilan ishonchli ta’minlashga xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, u Ozarbayjon bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “yashil” energiyani Yevropaga yetkazib berish loyihasi ham katta istiqbolga ega ekanligini qayd etdi.

Avvalroq Spot Samarqand elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilishga Aksa Elektrik kompaniyasi $357 mln investitsiya kiritishi haqida yozgan edi.