Uzbekistan Airways aksiyalarining birlamchi ommaviy taklifi (IPO) 2027-yilga ko‘chiriladi. Bu haqda Spot’ga vaziyatdan xabardor manba ma’lum qildi.
Dastlab prezidentning 2025-yil 21-apreldagi farmonida aviakompaniya aksiyalarining 15−20% ini 2026-yilning ikkinchi yarmida joylashtirish ko‘zda tutilgan edi.
Iyun oyida Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov IPO 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan.
Manbaga ko‘ra, muddatning o‘zgarishi aviakompaniyani IPO’ga puxta tayyorlash va barcha zarur tadbirlarni amalga oshirish zarurati bilan bog‘liq. Hozirda Uzbekistan Airways’ni transformatsiya qilish va aksiyalarni joylashtirishga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.
Iyul oyida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (O‘zNIF) ishonchli boshqaruvchisi Franklin Templeton ham Spot’ga IPO muddati aviakompaniyaning tayyorgarligi va bozordagi vaziyatga bog‘liq bo‘lishini ma’lum qilgan.
Kompaniya tayyorgarlik biznesni transformatsiya qilish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, moliyaviy hisobot va investorlar bilan ishlash tizimini yaxshilashni o‘z ichiga olishini bildirgan.
Uzbekistan Airways uchun 115 ta tashabbusdan iborat transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan. U operatsion samaradorlikni oshirish, tijoriy faoliyat va mijozlarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, shuningdek, korporativ boshqaruv va investorlar bilan ishlashda xalqaro amaliyotlarni joriy etishni nazarda tutadi.
Avvalroq transformatsiya dasturi amalga oshirilgach, aviakompaniyaning potensial qiymati $1,6 mlrd dan $2,3 mlrd gacha oshishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Biroq Franklin Templeton yakuniy kapitallashuv investorlar talabi, kompaniyaning moliyaviy va operatsion natijalari hamda transformatsiya dasturining muvaffaqiyatiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlagan.
IPO’ga tayyorgarlikning yana bir muhim yo‘nalishi Uzbekistan Airways’ning xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (MHXS) o‘tishi bo‘ladi.
Kompaniya jamoatchilik uchun muhim tashkilotlar reyestriga kiritilgan. Shu sababli 2027-yil 1-yanvardan buxgalteriya hisobini rasman MHXS asosida yuritishga o‘tishi kerak.
Avvalroq Spot Abdulla Abduqodirov O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini investitsiya fondidan suveren fondga aylantirishni taklif qilgani haqida yozgandi.