O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini (O‘TTJ) to‘laqonli suveren jamg‘armaga aylantirish lozim. Bu haqda 17-sentyabr kuni Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov “O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori” VIII xalqaro Cbonds konferensiyasining yalpi sessiyasida ma‘lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.
Uning fikricha, arzon moliyalashtirishning paydo bo‘lishi qimmatli qog‘ozlar bozorida arzonroq vositalar yaratish va ichki kapital manbasini shakllantirish imkonini beradi.
“O‘ylaymanki, suveren fondimiz — O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hozirgi kabi investitsiya fondidan haqiqiy suveren fondga aylanish vaqti keldi. Shunda bu jamg‘arma arzon pul manbaiga aylanadi”, — dedi Abduqodirov.
Shuningdek, u ichki bozorda pul narxini pasaytirmasdan turib, yirik ichki kapital manbaining paydo bo‘lishiga umid qilmaslik kerakligini ta‘kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ichki kapital bozorini shakllantirish uchun yanada fundamental vazifalarni hal qilish zarur.
Abduqodirovning aytishicha, chiqarilgan obligatsiyalarning 97% i xorijda, atigi 3% i esa O‘zbekiston ichida muomalada.
“Mana, ko‘rib turganingizdek, chiqarilgan bondlarning 97%i xorijda aylanmoqda. O‘zbekiston ichida [esa atigi] 3%i. Bu nimadan dalolat beradi? Bularning barchasi tashqi bozorga yo‘naltirilganidan”, — dedi u.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda $90 mln lik valyuta obligatsiyalari chiqarilishi ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida yozgandi.