Avvalroq Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi.

O‘tgan besh oyda mamlakatga xorijiy turistlar oqimi 27% ga o‘sib, 5,5 mlnni tashkil etdi. Umuman, O‘zbekistonda har yili 15−20 mln chet ellik sayyohlarni qabul qilish va ularga yiliga kamida $15 mlrdlik turizm xizmatlari ko‘rsatish salohiyati bor.

Prezident investorlar turizm durdonalari bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Xiva bilan bir qatorda boshqa hududlarda ham sayyohlik sohasiga faol sarmoya kiritishiga umid bildirdi.

Shu bilan birga, an‘anaviy qishloq xo‘jaligini ilg‘or agrobiznes tarmog‘iga aylantirish bo‘yicha ham dadil qadamlar tashlanmoqda. Hozirgi kunga kelib, O‘zbekiston dunyoning 70 dan ortiq davlatiga yiliga $3,5 mlrdlik meva-sabzavot eksport qilib, o‘z brendiga ega bo‘ldi.

“Bugungi anjumanda bizning 14 ta hudud rahbarlari ham ishtirok etmoqda. Marhamat, ular bilan birgalikda viloyatlarga borib, yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bevosita tanishing. Boy tajribangiz, texnologiya va sarmoyangiz bilan o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok eting. Bu jarayonlarda barcha hokimlar sizlarning yoningizda turib, yaqindan ko‘mak beradi va har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi davlat rahbari.

Prezident Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tashabbusi bilan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansi tashkil etilayotganini o‘z vaqtida qabul qilingan qaror sifatida baholadi.

Bozor qanchalik katta va qoidalar qanchalik uyg‘un bo‘lsa, mintaqa davlatlariga sarmoyalar oqimi shuncha ko‘payadi.

Bu tashabbus kelgusida umumiy investitsiya makonini yaratish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lishiga ishonch bildirildi.

“Biz uchun investitsiya bu faqatgina iqtisodiy resurs emas, balki ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va tajribalar, yangi ish o‘rinlari va davr bilan hamnafas taraqqiyot demakdir. Har qanday buyuk orzu va niyatni hayotga to‘la tatbiq etishda asosiy hamkor, hech shubhasiz, ezgu niyatli investorlar, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois, diyorimizga katta ishonch va g‘oyalar bilan kelayotgan xorijiy sarmoyadorlarga Yangi O‘zbekistonning eshiklari hamisha ochiq”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida shaxsan o‘zi va hukumat ularning yonida yelkadosh bo‘lishga tayyorligini bildirdi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston suveren islom obligatsiyalarini chiqarishni boshlashi haqida yozgandi.