“Yangi bank"ga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berildi, deya xabar bermoqda Markaziy bank matbuot xizmati.

Regulyator boshqaruvi Toshkentda “Yangi Bank” aksiyadorlik jamiyatini roʻyxatdan oʻtkazish va unga bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Bu bilan, mazkur bank Oʻzbekistonda faoliyat olib boruvchi 35-bank boʻladi.

2022-yilning dekabr oyida Markaziy bank “Smart Bank"ga litsenziya bergandi.

Joriy yilning mart oyiga kelib, regulyator ikkita — “Apex Bank” va “Hayot Bank"ga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berdi.


Avvalroq “Spot” Qozog‘istonning “Yevroosiyo banki” O‘zbekistonda sho‘ba korxonasini ochish uchun dastlabki ruxsatni olgani haqida yozgandi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, bank O‘zbekistonda o‘z faoliyatini joriy yil oxirigacha boshlaydi.