Yanvar oyida bank litsenziyasi qaytarib olingan Yangi Bank’ning Toshkent markazidagi binosi sotuvga qo‘yildi.
Yangi Bank’ning tugatish komissiyasi bankning bosh ofisini E-auksion elektron savdo platformasida sotuvga qo‘ydi.
2017-yilda qurilgan besh qavatli bino Toshkent shahrining Yunusobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 99-uyda — O‘zbekiston Milliy bankining bosh binosi va Bodomzor metro bekati yaqinida joylashgan.
Binoning umumiy maydoni 3648 kvadrat metr, foydali maydoni — 2548 kvadrat metr, yer uchastkasi esa 0,25 ga ni tashkil etadi.
Bino 47 xonadan iborat bo‘lib, unda barcha kommunikatsiyalar: gaz, elektr energiyasi, suv ta’minoti va kanalizatsiya mavjud.
Boshlang‘ich narxi — 163,3 mlrd so‘m, garov puli — 1,6 mlrd so‘m. Kim oshdi savdosi 20-iyul kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi, arizalar o‘sha kuni soat 09:00 gacha qabul qilinadi.
Ushbu savdo bankning majburiy tugatilishi bilan bog‘liq: 2026-yil 15-yanvarda Markaziy bank Yangi Bank’ning bank faoliyatini amalga oshirish litsenziyasini chaqirib olgan.
Aktivlarni sotishdan tushgan mablag‘lar omonatlari Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi tomonidan qoplanmaydigan kreditorlarning talablarini qondirishga yo‘naltiriladi.
Tugatish komissiyasi yig‘ilishi bayonnomasiga ko‘ra, 10-iyun holatiga ko‘ra Yangi Bank’ning to‘rtinchi navbatdagi kreditorlar oldidagi qarzdorligi 76,54 mlrd so‘mni tashkil etadi.




Yangi Bank
15-yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining tegishli qarori bilan Yangi Bank’ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi.
Markaziy bank “Yangi bank” rahbariyati va kuzatuv kengashiga ustav kapitalini oshirish zarurligi to‘g‘risida bir necha bor yozma ogohlantirishlar yuborganini ma’lum qildi. Biroq, bank tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmagan.
Yangi Bank 2023-yil may oyida Markaziy bankdan bank litsenziyasini olgan. KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi Bank savdo belgisi 2021-yil dekabrida Yangi-Group MCHJ tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. O‘sha paytda kompaniya rahbari sifatida O‘zagroeksportbank sobiq rais o‘rinbosari Odil Amerkulov ko‘rsatilgan.
Neobank aksiyalarining 100%i Yangi-Group kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u o‘z navbatida Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan Yangi Holding Pte Ltd kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Ushbu kompaniya rahbari Smirnov Timofey Valentinovich hisoblanadi.
2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, Yangi Bank aktivlari 593 mlrd so‘m — bu O‘zbekiston bank tizimi barcha aktivlarining 0,067%ini tashkil etadi. Bank ixtiyorida 188 mlrd so‘mlik kreditlar va 394 mlrd so‘mlik depozitlar mavjud edi. Raqamli bank portfelidagi muammoli kreditlar ulushi 6,2% ga yoki 12 mlrd so‘mga yetgan.
2025-yilning yozida Yangi Bank boshqaruvi raisi lavozimiga SEG Enera kompaniyasi bosh direktori Timofey Smirnov tayinlangan. Ungacha bankka vaqtincha rahbar sifatida Tatyana Asmakovets boshchilik qilgan bo‘lib, u Uzum Bank’ga o‘tgan Svetlana Xening o‘rnini egallagan.
Avvalroq Spot Markaziy bank murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega Top-10 bankni ochiqlagani haqida yozgandi.



