Soliq qo‘mitasi ayrim tadbirkorlarning savdo amaliyotlarini P2P — kartadan kartaga pul o‘tkazmalari orqali amalga oshirish holatlarini tahlil qilmoqda, deb xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati.

Qo‘mita bunday operatsiyalar orqali tushgan ayrim daromadlar soliq hisobotlarida aks ettirilmasligi natijasida davlat budjetiga tegishli tushumlar to‘liq shakllanmay qolmoqda.

Shu munosabat bilan soliq organlari tomonidan yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘lar yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda.

Aniqlangan holatlar asosida soliq hisobotlarida aks ettirilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda hamda soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuborilmoqda.

“Bu jarayon jazolash yoki bosim o‘tkazish emas, balki iqtisodiy adolatni taʼminlash, yashirin aylanmalarni qisqartirish va halol mehnat qilib, qonun doirasida ish yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan”, — deyiladi qo‘mita xabarida.

Soliq organlari barcha tadbirkorlik subyektlarini amaldagi qonunchilikka qatʼiy rioya qilishga, savdo tushumlarini to‘liq rasmiylashtirishga va soliq hisobotlarida haqqoniy aks ettirishga chaqiradi.

Shaffof iqtisodiyot — ishonchli davlat, kuchli jamiyat va barqaror kelajakning eng mustahkam poydevoridir, deyiladi xabarda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar “tez-tez P2P o‘tkazmalari va karta bo‘yicha katta yillik harakatlar tufayli” soliq idoralariga chaqirilgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgandi.

“Potrebitel.Uz” Telegram-kanali muallifi Liliya Nikolenkoning aytishicha, idora xodimlari 2020-yil oktabr oyidan boshlab tranzaksiyalarni tekshirish huquqiga ega ekanligini ma’lum qilgan.

Ko‘p sonli P2P-tranzaksiyalarga ega tadbirkorlardan soliq organlari tushuntirish xatlarini talab qiladi. Gap, shuningdek, kartadagi yuqori yillik aylanma (500 mln so‘mdan ortiq) haqida ham bormoqda.

“Hozircha hech kim qanday jazo va jarimalar qo‘llanilgani haqida xabar bermadi. Hammasi ko‘rib chiqilmoqda. Tekshiruvlar endi boshlangan ko‘rinadi,” — dedi Nikolenko.

Soliq qo‘mitasi xabarida Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 30-oktabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risida"gi farmoni alohida qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, u iqtisodiyotni “soyadan” chiqarish, biznes muhitini sog‘lomlashtirish va teng raqobatni ta’minlash maqsadlarini ko‘zlaydi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda P2P-o‘tkazmalarining maqsadini ko‘rsatish bo‘yicha talab bekor qilingani haqida yozgandi.