O‘zbekiston xorijiy investorlar bilan nizolarni hal qilish mexanizmini o‘zgartirish niyatida. Bu haqda 5-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.

Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, Fuqarolik kodeksiga koll va put-opsionlar, eskrou hisobvaraqlari, shuningdek, zararlarni qoplash (indemnity) va kafolat (warranty) mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, samarali ijro mexanizmlari suiiste’molchilik xavfini minimallashtiradi, tomonlar esa xavflarni oldindan boshqarishi, aktivlarni erkin tasarruf etishi va zararlarning to‘liq qoplanishiga erishishi mumkin. Xodjayev, shuningdek, OTBga innovatsion startap loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni taklif qildi.

Bundan tashqari, hukumat davlat va xorijiy investorlar o‘rtasidagi nizolarni muqobil hal qilishning zamonaviy mexanizmi to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorladi.

Hujjat nizoni arbitrajga topshirishdan oldin muzokaralar orqali sudgacha hal qilishning ustuvorligini, namunaviy kelishuvlarni joriy etishni va javob berish muddatlarini qisqartirishni nazarda tutadi, shuningdek, davlat vakilligini yagona aloqa markazi orqali markazlashtiradi.

“Bu idoraviy tarqoqlikni bartaraf etish va davlatning yagona pozitsiyasini ta’minlash imkonini beradi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi, shuningdek, xalqaro yuridik maslahatchilarga qo‘yiladigan aniq malaka talablarini belgilaydi va dunyoning yetakchi huquqiy markazlarida milliy mutaxassislarni tayyorlashning uzoq muddatli dasturini nazarda tutadi.

“Har bir shunday keys qonunchilik va shartnomaviy amaliyotni yanada takomillashtirish uchun foydalaniladi. Investorlarni himoya qilish davlat siyosatining tarkibiy qismiga aylanib, har bir investorga professional muloqot, bashorat qilinadigan qoidalar va konstruktiv qaror ustuvorligi kafolatlanadi”, — deya ta’kidladi bosh vazir o‘rinbosari va bu borada OTB bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, hokimiyat Responsible Business Conduct standartlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha me’yoriy hujjat tayyorladi.

Hujjat milliy biznesni xalqaro ESG standartlari va IHTT tamoyillariga muvofiqlashtirish orqali xorijiy investorlar uchun shaffof va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan.

Xususan, inson huquqlari, ekologiya va mehnat munosabatlari sohasida korporativ mas’uliyatni kuchaytirish, shuningdek, davlat va xususiy sektorning shaffofligini oshirish rejalashtirilgan.

Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, bu O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

investitsiya, jamshid xodjayev, osiyo taraqqiyot banki

O‘zbekiston, shuningdek, IHTT bilan memorandum imzoladi va IHTTning 1976-yildagi Xalqaro investitsiyalar va ko‘p millatli korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilish uchun rasman ariza berdi.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, ushbu vositalar investitsiya va ishbilarmonlik muhiti, korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat boshqaruvi, xususiylashtirish, yashil iqtisodiyot va inson kapitalini rivojlantirish sohalaridagi islohotlar dasturini mustahkamlaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, IHTT texnik yordam ko‘rsatadi, davlat xizmatining institutsional salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi va O‘zbekistonga xalqaro ekspertlarni jalb qiladi.

O‘z navbatida, tashkilotning tahliliy resurslaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish va kelajakdagi xalqaro standartlarni shakllantirishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

OTB tashabbusi bilan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya kengashlarining mintaqaviy alyansi (RAIC-CAC) tashkil etilmoqda. Tashabbus doirasida imzolanadigan memorandum muloqot uchun yagona mintaqaviy platformani shakllantiradi, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida investitsiya siyosatini muvofiqlashtiradi, transchegaraviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda mintaqaning global savdo va investitsiya oqimlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashadi.

Alyansning tashkil etilishi O‘zbekiston va butun mintaqaning mashhurligini oshiradi, investitsiya muhitining raqobatbardoshligini mustahkamlaydi hamda yetakchi xalqaro moliya institutlari va investorlar bilan birgalikda yirik loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Memorandum beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolanishi kutilmoqda.


Avvalroq Toshkent xalqaro moliya markazi 2027-yilga borib to‘liq ishga tushishi haqida xabar berilgandi.