Toshkent xalqaro moliya markazini 2027-yilgacha to‘liq ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 5-may kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishida ma‘lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta‘kidlashicha, 2025-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7% ga o‘sib, $147 mlrddan oshgan. Jalb etilgan investitsiyalar hajmi 1,2 barobarga ortib, $43 mlrdni tashkil etgan. O‘tgan yili S&P va Fitch reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren reytingini BB− dan BB‘ga ko‘targan bo‘lsa, Moody‘s prognozni “ijobiy” darajaga yaxshiladi.

Shuningdek, Xodjayev bozor kapitallashuvi $2,4 mlrddan ortiq bo‘lgan O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) London va Toshkent fond birjalarida ikki tomonlama listingga chiqarilgan IPO‘sini ham tilga oldi. Asosiy (yakor) investorlar qatoridan BlackRock, Franklin Resources va Redwheel o‘rin olgan.

“UzNIF O‘zbekistonning global kapital bozorlariga chiqqan birinchi davlat tuzilmasi bo‘ldi. Jamg‘arma xalqaro institutsional investorlarga Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodiyotlaridan biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va likvid kirish imkonini beradi”, — deya qayd etdi u.

Bosh vazir o‘rinbosari iqtisodiy siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishlari qatorida Angliya va Uels umumiy huquqi asosida faoliyat yuritadigan hamda o‘zining mustaqil sudi va regulyatoriga ega bo‘ladigan Toshkent xalqaro moliya markazini (TXMM) tashkil etishni sanab o‘tdi. Ayni paytda TXMM uchun 2027-yil boshiga qadar xalqaro moliya markazini to‘liq ishga tushirish imkonini beradigan konstitutsiyaviy qonun ishlab chiqilmoqda.

Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, TXMM raqobatbardosh soliq rejimini, jumladan, foyda solig‘i, dividendlar va kapital o‘sishi bo‘yicha uzoq muddatli imtiyozlarni, shuningdek, moliyaviy xizmatlarning to‘liq turini — aktivlarni boshqarish, kapital bozorlari, islomiy moliya, fintex va oilaviy ofislarni taklif qiladi. U, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlarini markazni yaratishda hamkor bo‘lishga taklif etdi.

Bundan tashqari, hukumat xalqaro standartlarga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya fondlari va venchur kapitali uchun zamonaviy huquqiy bazani shakllantiradigan muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risidagi qonunni tayyorladi.

“Qonun fondlarning moslashuvchan va ishonchli tuzilmalarini, investorlar huquqlarining aniq himoyasini hamda global investorlar kutayotgan zamonaviy investitsiya vositalarini nazarda tutadi. Bu innovatsion loyihalar sonini ko‘paytirishga va startaplar ekotizimini yangi bosqichga olib chiqishga imkon beradi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Mart oyi oxirida prezident Tashkent City majmuasida Islom Karimov shohko‘chasi, Yangi Toshkent yo‘li va O‘qchi ko‘chasi oralig‘idagi hududni egallaydigan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Spot, avvalroq, banklar 175 mln so‘mdan yuqori operatsiyalarda mijozlarni tekshirishni kuchaytirishi haqida yozgandi.