Toshkentdagi biznes peshlavhalarning ommaviy demontaj qilinishi tufayli katta zarar ko‘rayotganini ma‘lum qildi. Bu haqda 23-aprel kuni poytaxtning tashqi reklama va peshlavhalarni yagona dizayn-kod asosida tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqotda so‘z yuritildi.
Dodo Pizza Tashkent ta‘sischisi Dinara Islomova tadbirkorlar nomidan poytaxtda dizayn-kod joriy etilishini va Toshkentning tashqi qiyofasini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning fikricha, bu biznesga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi: shahar yana-da fotogenik, sayyohlar va sarmoyadorlar uchun jozibador bo‘ladi, shuningdek, impulsiv xaridlarning o‘sishiga yordam beradi.
“Mazkur islohot odamlar hayot sifatini yaxshilaydi, chunki u vizual shovqin, chiqindilar va ko‘plab peshlavhalar tufayli yuzaga kelgan ortiqcha yuklamani kamaytiradi. Iste‘molchilar bunday muhitdan chekinishni istaydi, biznes esa bu hududda samarali ishlamay qoladi. Bu shaharda navigatsiyani yaxshilaydi, aholi uchun qulaylik yaratadi, shuningdek, xavfsizlikni oshiradi — avariyaviy peshlavhalar va noxush holatlar kamayadi, ko‘chalar yoritilishi yaxshilanadi, bu esa fuqarolar qulayligiga ta‘sir qiladi”, — dedi u.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, me‘moriy qiyofani yaxshilash nafaqat estetika masalasi, balki iqtisodiy rivojlanish, xavfsizlik va hayot sifatini oshirish omilidir.

Dinara Islomova (markazda). Foto: SSP
Shu bilan birga, restorator o‘zgarishlarni biznes bilan hamkorlikda amalga oshirishga va ularni joriy etish uchun qulay sharoitlar yaratishga chaqirdi.
“Muammo islohotning o‘zida emas, aynan uning qanday amalga oshirilayotganida. Hamma gap shunda”, — deya ta‘kidladi u.
Dinara Islomova bir qator takliflarni ilgari surdi:
- tushunarli parametrlar va talablarni ishlab chiqish;
- tadbirkorlar huquqlarini buzmagan holda nazorat va ijro bo‘yicha yagona amaliyotni joriy etish;
- biznesning o‘zgarishlarga moslashishi uchun o‘tish davrini joriy etish;
- biznes tomonidan kiritilgan sarmoyalarni himoya qilish choralarini ko‘rish;
- yirik xalqaro ishtirokchilarning, jumladan, franchayzing brendlarining o‘ziga xos xususiyatlari va tipik yechimlarini hisobga olish.
Dizayn-kod haqida gapirar ekan, u tumanlar va ko‘chalar bo‘yicha to‘laqonli hujjat ishlab chiqishni taklif qildi. Tadbirkorning fikricha, unda aniq o‘lchamlar, joylashtirish qoidalari va yoritgichlarning yorqinlik darajasi ko‘rsatilishi, shuningdek, peshtaxtalar ruxsat etilgan va ruxsat etilmagan turlarga ajratilishi lozim. Bunda biznes o‘z logotiplari, ranglari va firma uslubini saqlab qolishi kerak.
“Hozir ahvol qanday: muayyan bir ko‘chada ishlab chiqilgan dizayn-kod bo‘lmaguncha, muassasalar oylab peshtaxtasiz turibdi. Shu sababli ular daromaddan ham, iste‘molchilar uchun mo‘ljal olishdagi qulaylikdan ham ayrilmoqda, chunki peshtaxta — bu, birinchi navbatda, yo‘l ko‘rsatkichdir”, — deya qo‘shimcha qildi u.





To‘laqonli dizayn-kod ishlab chiqilgach, Dodo Pizza ta‘sischisi yangi tartibni sinov tariqasida ayrim ko‘chalarda joriy etishni taklif qildi.
Bundan tashqari, Dinara Islomova peshtaxtalarning demontaj qilinishi sababli daromad yo‘qotilayotgani masalasini ko‘tardi, shuningdek, biznesning ularni joylashtirish uchun reklama joyi pasportini olish bo‘yicha arizalari rad etilayotganini qayd etdi.
“Hujjat ikki oy oldin topshirilgan — u haligacha ko‘rib chiqilmoqda. Biroq mening peshtaxtam endi yo‘q, shu sababli juda katta daromad yo‘qotyapman. Ikki oy ichida bu qariyb 100 mln so‘mni tashkil etadi, bu esa budjetga to‘lanmay qolgan soliqlar deganidir. Bunga ham e‘tiboringizni qaratmoqchi edim”, — deya so‘zini yakunladi tadbirkor.
Spot, avvalroq, tadbirkorlar peshlavhalari va tashqi yozuvlariga qanday talablar joriy etish taklif qilinayotgani haqida yozgandi.




