Raqobat qo‘mitasi tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risidagi nizom loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

Mazkur nizom ko‘chalar va jamoat joylarida reklama xususiyatiga ega bo‘lmagan tashqi axborot vositalarini (TAV) joylashtirishni tartibga soladi. Gap, xususan, quyidagi axborot turlari haqida ketmoqda:

  • umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish muassasalarining peshlavhalari;
  • peshtaxta (tashkilot nomi yoki belgisi, manzili, ish vaqti ko‘rsatilgan);
  • e‘lonlar;
  • axborot ko‘rsatkichlari (xizmat turlari, menyu va hokazo).

TAVni texnik nosoz holatda, shuningdek, binoning arxitektura qiyofasi va holatiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadigan tarzda joylashtirish taqiqlanadi.

TAV turar joy binolari derazalarining bevosita yaqiniga joylashtirilmasligi, aholiga xalaqit bermasligi yoki noqulaylik tug‘dirmasligi lozim. Yo‘l-muhandislik inshootlariga (ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar) o‘rnatilganda, o‘tish yo‘laklarining torayishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalari bilan o‘xshash ko‘rinishga, tasvirga, ovoz effektiga ega bo‘lmasligi va ularning ko‘rishga ta‘sir qilmasligi kerak. Shu bilan birga, yo‘llarda transport vositalari, piyoda yoki boshqa bir obyekt bor ekanligi to‘g‘risida taassurot uyg‘otmasligi lozim.

Tashqi axborot vositalari, peshtaxta va peshlavhalar bezagining bezagi ular joylashtirilgan binoning mahalliy dizayn-kodi va arxitektura qiyofasiga mos bo‘lishi kerak. TAV yuzasiga begona yozuvlar, tasvirlar, e‘lonlar, afishalar yoki plakatlar joylashtirish man etiladi.

Peshlavhaning maydoni u joylashgan bino tomonining 5% idan oshmasligi kerak. Maydoni 1 kvadrat metrdan kichik bo‘lgan peshlavhalar reklama obyekti hisoblanmaydi.

Shuningdek, vitrinaga yoki korxona binosiga kirish joyiga qo‘yilgan firma, uning faoliyati va mahsulotlari haqidagi ma‘lumotlarga ega stendlar ham reklama hisoblanmaydi. Ularning egalari ruxsatnoma olishga va o‘rnatish uchun yig‘im to‘lashga majbur bo‘lmaydi.

Ko‘rsatkichlar ular yo‘naltirayotgan obyektning 500 metrgacha bo‘lgan radiusida joylashtirilishi va faqat uning nomi hamda aniq manzilini o‘z ichiga olishi mumkin. Agar ularda logotip (emblema) yoxud firma haqida boshqa ma‘lumotlar bo‘lsa, ular reklama obyekti deb hisoblanadi.

Xizmat ko‘rsatish korxonalari o‘z ish vaqti, xizmatlar ro‘yxati yoki menyu (umumiy ovqatlanish korxonalari uchun) to‘g‘risidagi ma‘lumotlar aks etgan tashqi axborot stendlarini o‘rnatish huquqini oladi. Ular piyodalarga xalaqit bermagan holda obyektdan 1,5 metrgacha masofada joylashtirilishi mumkin.

Tashqi stendning maydoni 2 kvadrat metrdan, balandligi esa 1 metrdan oshmasligi kerak.

TAV egasi uning holatini kuzatib borishi, o‘z vaqtida ta‘mirlashi va zarur bo‘lganda tiklashi lozim. Shuningdek, u bino fasadini ta‘mirlash, rekonstruksiya qilish yoki tartibga keltirish vaqtida axborot vositalarini vaqtincha demontaj qilishi shart.

Agar obyekt dizayn-kod talablariga mos kelmasa, uni demontaj qilish to‘g‘risidagi qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri yoki viloyat hokimligi tomonidan qabul qilinadi. Obyekt egasiga qaror chiqqanidan so‘ng uni ixtiyoriy ravishda olib tashlashi uchun 10 ish kuni muhlat beriladi.

Qaror loyihasi muhokamasi 10-maygacha davom etadi.

Spot, avvalroq, Toshkentda biznes hokimlik harakatlariga e’tiroz bildirgani haqida yozgandi.