O‘zbekistonda renovatsiya uchun mulkdorlar roziligi ular sonidan kelib chiqib hisoblanadi. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Kamron Nigmatov Spot’ga bergan izohida ma’lum qildi.

Prezidentning joriy yil 24-fevraldagi (PQ-73-son) qarori bilan 2026-yil 1-martdan 2028-yil 1-martga qadar sinov tarzida Toshkent shahri, Namangan, Samarqand hamda Qashqadaryo viloyatlarining belgilangan hududlarida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etildi. Uning doirasida ko‘p kvartirali uylarni kompleks qurilish mexanizmlari asosida qurish rejalashtirilgan.

Urbanizatsiya va uy-joy bozori qo‘mitasi boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, investitsiya kompaniyalari kompleks qurilish hududlaridagi ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarining kamida 80%i bilan notarial tasdiqlanadigan kelishuv bitimlari tuzilgandan so‘ng loyihalarni amalga oshirishi mumkin.

“Mazkur 80% lik ko‘rsatkichni talqin qilishda eng muhim masala — uning qay tarzda hisoblanishini aniq belgilashdir. Amaldagi tartibga ko‘ra, bu ko‘rsatkich mulkdorlar sonidan kelib chiqib aniqlanadi, ya’ni har bir alohida mulkdor mustaqil subyekt sifatida hisobga olinadi. Bu yerda mulk maydoni yoki ulush hajmi emas, balki mulkdorlarning umumiy soniga nisbatan rozilik bergan shaxslar ulushi hal qiluvchi ahamiyatga ega”, — dedi Kamron Nigmatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuv birinchi navbatda mulkdorlar o‘rtasida tenglik tamoyilini ta’minlashga qaratilgan. Agar hisoblash mulk maydoni asosida amalga oshirilganida, katta maydonga ega bo‘lgan mulkdorlar qaror qabul qilish jarayonida ustunlikka ega bo‘lib qolishi mumkin edi. Shu bois qonunchilikda har bir mulkdorning ovozi bir xil ahamiyatga ega deb qaraladi va qaror ko‘pchilikning irodasiga asoslanadi.

Shuningdek, qo‘mita vakili ushbu tartib renovatsiya jarayonlarida ijtimoiy adolat va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi. Ko‘p kvartirali uylarda turli hajmdagi xonadonlar mavjud, faqat maydonga asoslangan yondashuv esa ayrim mulkdorlarning manfaatlarini cheklab qo‘yishi mumkin edi.

“Mulkdorlar soniga qarab hisoblash barcha ishtirokchilarning huquqiy manfaatlarini muvozanatlashtirish imkonini beradi”, — dedi Nigmatov.

Uning ta’kidlashicha, bu amaliyot nuqtayi nazaridan ham ancha qulay, chunki mulkdorlar sonini aniqlash va ularning roziligini notarial tartibda tasdiqlash ancha aniq va tekshirish mumkin bo‘lgan mezon hisoblanadi. Natijada investitsiya kompaniyalari, davlat organlari va mulkdorlar o‘rtasidagi munosabatlarda huquqiy aniqlik ta’minlanadi, deya xulosa qildi u.

Renovatsiya to‘g‘risidagi qonun

7-aprel kuni Oliy Majlis Senati “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjat kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi kerak.

“Bu, albatta, ixtiyoriylik, xususiy mulk daxlsizligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida joriy etiladi. Agar taklif kiritish uchun mulkdorlarning kamida 80% ining notarial tasdiqlangan roziligi talab etilsa, buzilish va qurilish ishlari 100% kompensatsiya to‘langandan keyingina amalga oshiriladi. Busiz renovatsiya ishlari amalga oshirilmaydi”, — dedi Erkin Gadoyev.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi dastlabki qonun loyihasida uy-joy mulkdorlarining 100% roziligini olish majburiyligi nazarda tutilgan edi. Shu bilan birga, investorlar yoki aholining o‘zlari tashabbus ko‘rsatishi uchun uy-joy egalarining kamida 80%ining notarial tasdiqlangan roziligi talab qilingan.

Joriy yilning mart oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov matbuot anjumanida Senat renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytarganini, biroq bu haqda jamoatchilikka e’lon qilinmaganini aytgandi.

“Senat [renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini palataga] qaytargan. Aholi roziligini 100% olishning iloji yo‘q-ku”, — deya shivirladi u Urbanizatsiya va uy-joy bozori qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevga yuzlanib.

Sherzod Kudbiyev esa o‘shanda qurilish vaziridan hozircha renovatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun aholi zarur qismining roziligini olish masalasini ko‘tarmaslikni so‘radi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda yirik obyektlar qurilish muddatini 3 yilgacha uzaytirish taklif etilgani haqida yozgan edi. Prezident tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bu tannarxni pasaytirishi va yirik loyihalarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.