Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 14-aprel kuni uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi.

Samarqanddagi Yuksalish Group korxonasi (yuridik shaxs — Yuksalish Quruvchi) ta’sischisi Anvar Temirov so‘zlariga ko‘ra, beshta hududda qurilish ishlarini olib borayotgan kompaniyaning yillik aylanmasi 450 mlrd so‘mni tashkil etadi, xodimlar soni esa 3 mingdan ortiq. Hozirgi kunda kompaniya 14 mingta xonadon qurmoqda, 4 mingga yaqin uy-joy foydalanishga topshirilgan. 2026-yilda yana 6 mingdan ortiq xonadon kalitini o‘z egalariga topshirish rejalashtirilgan.

Tadbirkor prezidentga taklif bilan murojaat qildi: hozirda obyekt maydonidan qat’i nazar qurilish muddati 2 yil etib belgilangan. Agar bu muddatdan oshib ketsa, yer solig‘i stavkalari oshiriladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xaridorlar oddiy uy-joy bilan cheklanib qolmay, zamonaviy va yuqori sifatli xonadonlarni talab qilmoqda, biroq quruvchilarga bunday loyihalarni amalga oshirish uchun biroz vaqt yetishmayapti.

prezident, qurilish, ko‘chmas mulk, uy-joy qurilish

Shundan kelib chiqib, Anvar Temirov maydoni 10 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan obyektlar uchun qurilish muddatini 3 yilgacha uzaytirishni taklif qildi. “Bu biz uchun katta iqtisod bo‘lardi va biz qo‘rqmasdan millionlab kvadrat metr va katta shaharlar qurish haqida o‘ylashni boshlardik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“To‘g‘ri masalani ko‘tarayapti. Bu tijorat maydonlari tannarxining pasayishiga olib keladi. Bir oy muddatda mana shu qarorni kiritinglar. Anvarga o‘xshaganlar bo‘lsa, u katta-katta marralarni olyapti, bunga imkoniyat yaratishimiz kerak. Bu ham to‘g‘ri taklif, albatta inobatga olamiz. Uy-joy biz uchun havodek zarur, lekin sizlar ham sifatga juda qattiq qarashingiz kerak — bu bizning juda katta talabimiz”, — deya javob berdi prezident.

KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Yuksalish Group 2017-yil iyun oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 1,7 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya turar-joy binolarini qurish bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilar sifatida Ochilov Shokir Baxriddinovich (29,31%), Temirov Anvar G‘ayrat o‘g‘li (41,38%) va Otakulov Otajon Sunnatovich (29,31%) ko‘rsatilgan. Shuningdek, Shokir Ochilov korxona rahbari hisoblanadi.

2025-yil sentabr oyida prezident O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Yuksalish quruvchisi Anvar Temirovni “Shuhrat” medali bilan taqdirlagan edi.

Avvalroq Spot 1-iyuldan qurilishga ruxsat va texnik shartlarni olish tartibi soddalashtirilishi haqida yozgandi.