Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Prezident qurilish sohasida global o‘zgarishlarga O‘zbekistondagi tizim qanchalik mosligi, soha rahbarlari tezkorlik va sifat bo‘yicha mas’uliyatni his qilayotgani, seysmologiya va zilzilabardoshlik bo‘yicha xavflarni inobatga olib, yangi yechimlar ishlab chiqilayotgani borasida savollar ko‘pligini qayd etdi.

Tadbirkorlik uchun yiliga 6,5 ming gektar yer, 600 ming kvadrat metrli bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda, kichik va o‘rta biznes uchun 140 trln so‘m resurs berilmoqda. Lekin yer, kredit kabi asosiy masalalari hal bo‘lganlar qurilishni boshlash bosqichda to‘siqlarga uchrayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbirkorlarning hali aktivga aylanmagan yeriga soliq, kreditiga foiz hisoblanyapti, lekin byurokratiya, korrupsiya, sansalorlik ko‘pligi uchun qurilishni boshlash oylab, yillab cho‘zilayotgani tanqid qilindi.

Shu bois, soha vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mingdan ortiq quruvchi va loyiha tashkilotlarining takliflari olindi. Yig‘ilishda ular asosida ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Mamlakat aholisi 38 mln nafardan oshdi, urbanizatsiya darajasi 51% ga yetib, qariyb 20 mln odam shaharlarda yashamoqda.

“Bir narsani yaxshi tushunish zarur: agar urbanizatsiya darajasi 1% ga oshsa, iqtisodiyot ham kamida 1% ga ko‘payadi, investitsiya oqimi, biznes va startaplar, mehnat unumdorligi karrasiga o‘sadi. Buning uchun respublikada urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish bo‘yicha yagona yondashuv bo‘lishi kerak, — dedi prezidentimiz.

bosh reja, infratuzilma, prezident, qurilish, urbanizatsiya, videoselektor

Bosh rejalarni ishlab chiqish uchun budjetdan yiliga 200−250 mlrd so‘m berilmoqda. Bu mablag‘lar bosh rejasi bo‘lmagan yoki eskirgan hududlarga sarflanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kichik shahar va shaharchalarda ham katta loyiha qilaman degan tadbirkorlar borligi, shaharsozlik hujjati yo‘qligi uchun ularning ishi to‘xtab turgani qayd etildi. O‘zi mablag‘ tikib, tezroq bosh reja ishlab chiqilishidan manfaatdor tadbirkorlar ham ko‘p.

Viloyat hokimlari, Urbanizatsiya qo‘mitasiga joriy yilda budjet mablag‘i hisobidan 6 ta shahar, 44 ta shaharcha bo‘yicha bosh reja, yana 104 ta qishloq bo‘yicha master rejani oxiriga yetkazish, bunga qo‘shimcha tashabbuskor biznes vakillari bilan yana 50 ta aholi punkti bo‘yicha shaharsozlik hujjatini ishlab chiqishni boshlash topshirildi.

2025-yilda bosh reja yo‘qligi bahonasi bilan yer xususiylashtirish bo‘yicha 112 mingta arizaning 14%i rad etilib, natijada 4 ming gektar yer va 550 mlrd so‘m tushum boy berildi. Uch oyda arizalarni 5−10 daqiqada ko‘rib chiqadigan onlayn tizim joriy etish topshirildi.

bosh reja, infratuzilma, prezident, qurilish, urbanizatsiya, videoselektor

Bosh rejada ko‘rsatilgan suv, kanalizatsiya, issiqlik, gaz, elektr liniyalari, yo‘llar qachon, qaysi navbatda va qanday manbalar hisobidan quriladi, degan savolga javob yo‘qligi tanqid qilindi.

Har bir bosh rejani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha yilma-yil kompleks dastur qilinib, aholi, tadbirkor va mas’ullarga yetkazilishi kerakligi qayd etildi. Dasturlar yo‘qligi uchun ham infratuzilmaga 1 so‘mlik xarajat ketadigan joyga 2−3 karra ko‘p mablag‘ sarflanayotgani, pala-partish qurilishlar haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Har bir viloyat hokimiga ikki oyda viloyat va tuman markazlarining tasdiqlangan bosh rejalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish topshirildi.

Mutasaddilarga kompleks dasturlardagi tadbirlarning qaysi biri respublika va mahalliy budjetdan, qaysilari xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan bo‘lishini aniq belgilab berish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Spot Qarshida 27 gektar hududda renovatsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.