Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Unda so‘nggi to‘rt yilda auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yerdan 3 ming gektarida qurilish boshlanmagani, oqibatda qo‘shimcha 100 ming ish o‘rni, 20−25 trln so‘m qo‘shilgan qiymat yo‘qotilayotgani qayd etildi.
Auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi, 122 ta davlat obyekti bir yildan beri sotilmay turibdi. Bu xususiylashtirish dasturini qabul qilishda ham, obyektlarni sotishda ham hokimlarning o‘rni bilinmayotgani, tadbirkorlarning fikri oldindan o‘rganilmayotgani bilan izohlanadi. Har obyektni sotishda hududga investitsiya, mahalla uchun ish o‘rni birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endilikda xususiylashtirish dasturiga obyektlarni kiritish, ularni sotish va investitsiya samaradorligi bo‘yicha hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan tengma-teng javob berishi belgilandi. Xususiylashtirish doirasida bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan obyektlar uchun qoldiq summaga har yili 14% ustama hisoblash bekor qilinadi.
2025-yil qurilish bilan bog‘liq 2,6 mlndan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgan.
“Mas'ullar „Kamchiligi uchun qaytardik“, deb aytadi. Lekin ichiga kirib tahlil qilsa, masala ko‘p. Hamma bilib, bilmaganga oladi, aslida, bu — korrupsiya! Bunga chek qo‘yishning birdan bir yo‘li — raqamlashtirish va sun’iy intellekt”, — dedi davlat rahbari.
Aholi va tadbirkorlar qurilish qilish uchun avval loyihalashga ruxsat olishga, keyin arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqishga alohida-alohida ariza berib, oylab vaqt sarflayotgani ta’kidlandi.
Toshkent shahrida 2 ta xizmatni bir bosqichda ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yilgani uchun hujjatlarning kelishish vaqti 3−4 karra kamaydi. Ushbu tajribani 1-iyuldan boshlab, mamlakatning barcha hududlarida joriy qilish topshirildi.
Hozirda elektr, gaz, suv va kanalizatsiyaga ulanish bo‘yicha texnik shart olish uchun ham har bir kommunal idoraga alohida murojaat qilish kerak. 1-iyuldan bitta ariza va bitta to‘lov bilan barcha kommunal tarmoqlarga texnik shart olish imkonini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda qurilish obyektlari uchun ekologik talablar kuchaytirilishi haqida yozgan edi.