Avvalroq Spot prezident Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar bergandi.

Yangi Toshkentda xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlar qurilishiga turtki berish uchun infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqiladi. Davlat rahbari turar joy qurish bilan shaharga xizmat qiladigan mehmonxona yoki savdo markazini barpo etishning iqtisodiy yuki bir xil emasligini ta‘kidladi.

Infratuzilma to‘lovining bazaviy stavkasi savdo, servis va biznes markazlari uchun 3 barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun 5 barobar, madaniy hamda ko‘ngilochar maskanlar uchun 10 barobar kamaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov 1% etib belgilanadi.

Bu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.

Dunyoning yetakchi arxitektorlari ishlab chiqqan o‘ziga xos loyihalarga tezkor tartib qo‘llanadi. Loyihalash, qurilish va obyektni foydalanishga qabul qilish jarayonlari jadallashtiriladi, bir xil ma‘lumotni qayta-qayta talab qilish amaliyotiga chek qo‘yiladi.

Yangi Toshkent haqiqiy “yashil shahar” bo‘lishi shartligi yana bir bor ta‘kidlandi. Bu yerda quriladigan obyektlarga “yashil bino” standartlari qo‘llanmoqda. Shu bilan birga, sertifikat olish tadbirkorlar uchun qo‘shimcha xarajat ekani inobatga olindi.

Qiymati $50 mlndan yuqori bo‘lgan noturar joy loyihalari uchun “yashil” sertifikat xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplanadi. Investor sotib olgan har bir yer maydonining 30% ini yashil hududga aylantirish talabi ham Yangi Toshkentdagi loyihalarga qo‘llanmaydi. Shaharning 30% ini ko‘kalamzorlashtirish bosh reja asosida davlat tomonidan ta‘minlanadi.

Yirik sarmoyadorlar bilan ishlashda ham yangi yondashuv joriy etiladi. Qiymati $50 mln dan yuqori har bir loyihaga mas‘ul biriktiriladi. U investorga obyekt ishga tushguniga qadar hamrohlik qilib, yuzaga keladigan masalalarni hal etishga ko‘maklashadi.

$50 mln dan yuqori har bir loyihaga — bitta investitsiya bitimi tamoyili amal qiladi. Bitimda investorning majburiyatlari va tavakkalchiligi hisobga olinib, unga mos imtiyozlar paketi belgilanadi.


Spot avvalroq Universalbank Yangi Toshkentdagi mehmonxonani 100 mlrd so‘mga sotayotgani haqida yozgandi.