Toshkentda renovatsiya dasturi ishga tushgach, har yili 12 mingdan 15 minggacha aholini yangi uylarga ko‘chirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov Anhor.uz nashriga bergan intervyusida ma‘lum qildi.
Gap yashash uchun noqulay sharoitli eski uylar aholisi haqida ketmoqda. Ularning o‘rnida ijtimoiy infratuzilma va yashil hududlarga ega yangi turar joylar qurish ko‘zda tutilgan.
Umurzakovning so‘zlariga ko‘ra, renovatsiya rivojlanayotgan shahar uchun majburiy bosqichdir. U misol tariqasida shunday jarayonlarni boshdan kechirgan Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyani keltirdi.
Hokimning ta‘kidlashicha, renovatsiya dasturiga tushgan uylar aholisi o‘sha tumandagi yangi uydan maydoni avvalgisidan kichik bo‘lmagan, ta‘mirlangan xonadonni tanlashi mumkin bo‘ladi. Uning fikricha, uy-joyga bo‘lgan huquq munosib yashash sharoitlariga ega bo‘lishni ham nazarda tutadi: yaqin atrofda maktablar, bolalar bog‘chalari, yashil hududlar va dam olish maskanlari bo‘lishi, uylarning o‘zi esa xavfsiz, qulay va energiya tejamkor bo‘lishi kerak.
Shuningdek, u davlat uy-joy narxlarini bevosita tartibga solmasligi lozimligini, biroq ularni jilovlab turishi va pasayishi uchun sharoit yaratishi mumkinligini ta‘kidladi.
“Renovatsiya bugun turmush sharoitini yaxshilaydi va narxlarga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi — ularning o‘sishiga emas, aksincha, pasayishiga xizmat qiladi. Narx o‘zgarishsiz qolgan taqdirda ham, u odamlar ilgari foydalana olmagan imkoniyatlarni yaratadi”, — dedi hokim.
Umurzoqov renovatsiyani amalga oshirishga doir avvalgi yondashuvni qayta ko‘rib chiqqanini ham aytib o‘tdi. Ilgari shahar ma‘muriyati bunday loyihalarni xususiy sektorga topshirishni rejalashtirgan, chunki hokimlikning o‘zi bular bilan shug‘ullanish imkoniyati bo‘lmagan.
Keyinroq hokim bu yondashuvni xato deb topdi. Uning fikricha, uylari renovatsiya hududiga tushgan aholi huquqlarini davlat to‘liq himoya qila oladi.
“Xususiy sektorda, xohlaysizmi-yo‘qmi, baribir arzonroqqa sotib olish, arzonroq joyga ko‘chirish manfaati bo‘ladi. Bizda esa bunday narsa yo‘q”, — dedi Umurzakov.
Avvalroq Spot Toshkentda ko‘chmas mulk ommaviy baholangani haqida yozgandi.