Prezidentning davlat pensiya ta’minotiga oid zamonaviy xizmatlarni joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, fuqarolarga pensiya ta’minotiga oid xizmatlar 2027-yil 1-yanvargacha to‘liq interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkaziladi.
Pensiya ta’minotiga oid ayrim xizmatlar fuqarolarning alohida murojaatisiz proaktiv shaklda ko‘rsatiladi. Jumladan, 2026-yil 1-noyabrdan ishlar hajmining qisqarishi yoki korxonaning tugatilishi sababli ishsiz deb topilgan shaxslarga umumiy belgilangan yoshdan ikki yil avval yoshga doir pensiya tayinlanadi.
2027-yildan esa boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash ham proaktiv shaklda amalga oshiriladi.
Shuningdek, kelasi yildan “Mening pensiyam” onlayn xizmati orqali pensiya yoshiga bir yil qolgan fuqarolarni oldindan xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, 2027-yildan Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjatlar va ma’lumotlarni qabul qilish amaliyoti bekor qilinadi.
Ayrim xizmatlar esa fuqarolarning xohishiga ko‘ra interaktiv shaklda ko‘rsatiladi. Xususan:
- 2026-yil 1-noyabrdan mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda band bo‘lgan hamda pensiya yoshini qisqartirish orqali pensiya olish huquqiga ega shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash;
- 2026-yil 1-dekabrdan pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish uchun murojaat qilish;
- 2027-yildan pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish va to‘xtatib turilgan pensiya to‘lovlarini tiklash imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-oktabrdan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida faoliyat yurituvchi shaxslar o‘zini o‘zi band qilganlar uchun belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘laganda, ularga bir yil ish staji avtomatik hisoblanadi.
Kelasi yil 1-yanvardan rasmiy daromadga ega bo‘lgan shaxslarga ishlamaydigan oila a’zolarining ish stajiga ega bo‘lishi uchun har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12% i miqdorida ijtimoiy soliqni ixtiyoriy ravishda to‘lash huquqi beriladi.
Avvalroq Spot mehnat migrantlari uchun pensiya badalini xorijdan to‘lash imkoniyati yaratilishi haqida yozgandi.
Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlarda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining pensiya stajini hisobga olish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqilmoqda.