Avvalroq Spot Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) va Markaziy bank Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagani haqida yozgandi.
Lex.uz saytida e’lon qilingan hujjat “qumdon” ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi va ularga qo‘yiladigan talablarni o‘z ichiga oladi. Xususan, faqat O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar maxsus huquqiy rejim doirasida tokenlar chiqarish huquqiga ega.
Barcha barqaror tokenlar milliy yoki xorijiy valyutada to‘liq ta’minlangan bo‘lishi kerak. Emitent Markaziy bankdagi maxsus hisob raqamida muomaladagi tokenlarning umumiy nominal qiymatidan kam bo‘lmagan zaxira summasini saqlashi shart.
Kredit yoki garov mablag‘laridan yoxud o‘zga shaxslardan boshqacha usulda jalb qilingan pullardan ta’minot sifatida foydalanish taqiqlanadi.
Markaziy bank ILMA bilan kelishgan holda, likvidlik yoki moliyaviy barqarorlik uchun xatarlar mavjud bo‘lganda, emitentga mijozlar soni va operatsiyalar hajmiga cheklovlar joriy etishni buyurishi mumkin. Tokenlar ta’minotini nazorat qilish tartibi, uning yetarliligini tasdiqlash davriyligi va hisobot shakli ular tomonidan birgalikda tasdiqlanadi.
“Qumdon” ishtirokchisi quyidagilarga majbur:
- axborot va kiberxavfsizlik uchun mas’ul shaxsni tayinlash;
- muhim ma’lumotlarning zaxira nusxasini olishni, tashqi interfeys va amaliy dasturiy interfeys (API) himoyasini ta’minlash;
- kriptografik kalitlarni generatsiya qilish, ularni saqlash va ulardan foydalanish uchun himoyalangan mexanizmlardan foydalanish, yopiq kalitlarning ochiq holda saqlanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- ekotizimning muhim qismlariga kirish uchun ko‘p bosqichli avtorizatsiyani joriy etish;
- mijozlardan tajriba loyihasida ishtirok etish uchun yozma rozilik olish.
“Qumdon” ishtirokchilari tomonidan tajriba loyihalarini amalga oshirish uchun kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziya talab etilmaydi. Biroq, faqat litsenziyalangan to‘lov tizimi operatori blokcheyn texnologiyalari asosida to‘lov tizimini yaratishi mumkin.
Maxsus huquqiy rejimga qo‘shilish uchun kompaniya ILMAga belgilangan shakl bo‘yicha ariza topshirishi kerak. Unga quyidagilarni ilova qilish talab etiladi:
- kompaniya va uning loyihasi to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan anketa;
- loyihani amalga oshirishda sherik sifatida ishtirok etayotgan kripto-depozitariy bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
- mijozlarning taxminiy soni va xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar (ofertalar, bitimlar) hajmi;
- tokenlarni ta’minlash uchun pul mavjudligini tasdiqlash;
- White Paper;
- ustav va boshqa ta’sis hujjatlari;
- kompaniya rahbarlari va ta’sischilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar ular chet el fuqaroligiga ega bo‘lsa — shuningdek, ularning iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq sudlanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
Hujjatlar qog‘ozda yoki ILMAning elektron pochtasi orqali qabul qilinadi. Regulyator arizani 40 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi, biroq qo‘shimcha tekshirish zarur bo‘lsa, ko‘rib chiqish muddatini 10 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirishi mumkin.
Ushbu bosqich doirasida ishchi organ (ILMA Kriptoaktivlar aylanmasini rivojlantirish boshqarmasi) loyihani amalga oshirish uchun amaldagi normativ-huquqiy hujjatlardan istisnolarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganadi. Agar istisno zarur deb topilsa, organ bu masala bo‘yicha tegishli davlat organlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi va buni xulosada aks ettiradi.
So‘ngra ILMA ularni 15 ish kunigacha bo‘lgan muddatda (1 oygacha uzaytirilganda) kelishish uchun Markaziy bankka ko‘rib chiqish uchun ariza taqdim etadi. Shundan so‘ng agentlik 10 ish kuni ichida “qumdon” ishtirokchisini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki buni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Arizani ko‘rib chiqish, shuningdek “qumdon” ishtirokchisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imlar undirilmaydi.
Dastlab maxsus huquqiy rejim 12 oy muddatga taqdim etiladi, biroq zarurat tug‘ilganda ishtirokchi muddat tugashidan kamida 30 kun oldin ariza topshirish orqali uni uzaytirishi mumkin. Pilot loyihaning maksimal davomiyligi — 3 yil.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda kriptomayningga birinchi ruxsatdan so‘ng, unga qiziqish oshgani haqida yozgandi.