Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edi.
Taqdimotda jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun kadrlarni tayyorlash masalasiga e’tibor qaratildi. Buning uchun Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi ta’lim kvotasini 600 nafargacha, masofaviy ta’lim kvotasini 300 nafargacha oshirish taklif qilindi.
Universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” yo‘nalishi va kafedrasi tashkil qilinib, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar, bozor va savdo majmualari bo‘yicha profilaktika inspektorlari tayyorlanadi.
Ta’lim jarayoniga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, muammoli sotsiologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil, oilaviy mediatsiya kabi yangi innovatsion fanlarni kiritish rejalashtirilmoqda.
Ichki ishlar organlarida kadrlar tayyorlashning ta’lim klasteri ham shakllantiriladi. Bu jarayonda umumiy o‘rta ta’limdan boshlab idoraviy ixtisoslashtirilgan maktab-internat, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va malaka oshirish institutlarigacha bo‘lgan uzluksiz tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Kasbiy ta’lim tizimini joriy etish doirasida Namangan va Samarqand texnikumlarida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi. O‘quv jarayonida yuridik-texnik ta’lim, jismoniy bardoshlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, kasbiy ta’lim, birinchi tibbiy yordam, dron va AT platformalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Dual ta’lim asosida nazariya va amaliyot uyg‘unlashtiriladi.




Ichki ishlar vazirligi akademiyasini ham transformatsiya qilish taklif etildi. Akademiya faoliyati “ta'lim — tadqiqot — amaliyot” zanjiri asosida qayta tashkil etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tezkor-qidiruv faoliyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida ixtisoslashgan maktablar shakllantiriladi.
Yangi dual ta’lim matritsasi asosida kursantlar “o‘qish — amaliyot — faoliyat” tamoyili bo‘yicha tayyorlanadi. Birinchi kursda asosiy e’tibor nazariy bilim, jismoniy va jangovar tayyorgarlik hamda tanishuv amaliyotiga, ikkinchi kursda situatsion-imitatsion mashg‘ulotlar va sohaviy xizmatlarda ish o‘rganish amaliyotiga, uchinchi kursda esa psixologik barqarorlik, inqirozli vaziyatda qaror qabul qilish va stajor-xodim sifatida amaliy faoliyatga qaratiladi.
Rahbar kadrlarni tayyorlash tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Boshqaruv maktabida birinchi va ikkinchi darajali boshqaruv magistraturasi, sohaviy mutaxassislik va ilmiy-pedagogik magistratura, rahbar kadrlarni baholash va malakasini oshirish ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Prezident takliflarni ma’qullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Avvalroq Spot maktab o‘qituvchilari magistraturada masofadan o‘qishi mumkin bo‘lishi haqida yozgan edi.



