Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Jinoyatchilikning oldini olishda huquqbuzarlik omillarini barvaqt aniqlash, ularni bartaraf etish hamda xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash eng samarali profilaktika hisoblanishi qayd etildi.

Jinoyatchilikni baholashda raqamlar va ko‘rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan to‘liq voz kechilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Endi kriminogen vaziyatni baholashda faqat statistik ko‘rsatkichlar emas, balki aholi ishonchi, huquqbuzarliklarning qayta sodir etilishi, xavf guruhidagi shaxslar bilan ishlash natijadorligi asosiy mezon bo‘ladi.

Taqdimotda jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlari “aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim” tamoyili asosida belgilanishi taklif qilindi. Bosh maqsad — aholining jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan roziligi va ishonchiga erishishdir.

prezident, profilaktika inspektori, yo‘l-patrul, patrul-post, qo‘riqlash xizmati, ichki ishlar organlari

Buning uchun yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatini o‘zaro uyg‘unlashtirish, ularning aholi murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash borasidagi vazifalarini yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ayrim funksiya va vakolatlarni patrul-post hamda qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi ba’zi vakolatlarni esa yo‘l-patrul xizmatiga berish ko‘zda tutilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatdagi qariyb 9 ming mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori faoliyat yuritmoqda. Biroq ularga asosiy vazifalariga aloqador bo‘lmagan 50 ga yaqin qo‘shimcha topshiriq yuklatilgani sababli, ayrim hollarda ular jinoyatchilikning oldini olish o‘rniga boshqa ishlar bilan shug‘ullanishga majbur bo‘layotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasida inspektorning huquqiy maqomi, vazifalari, huquq va majburiyatlari, kasbiy faoliyat kafolatlari, ijtimoiy-huquqiy himoyasi hamda rag‘batlantirish va javobgarlik choralari aniq belgilanishi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, profilaktika inspektorining asosiy vazifasi xizmat hududida jinoyatchilikning oldini olish va aholi ishonchini ta’minlashdan iborat bo‘ladi. U tergovga qadar tekshiruv va profilaktika tadbirlarini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs hisoblanadi.

prezident, profilaktika inspektori, yo‘l-patrul, patrul-post, qo‘riqlash xizmati, ichki ishlar organlari

Unga faqat qonun bilan belgilangan vazifalar yuklanadi, huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasi ostida bo‘ladi. Alohida “Kasbiy burchiga sodiqlik qasamyodi” qabul qilingan vaqtdan boshlab unga profilaktika inspektori maqomi berilgan bo‘ladi.

Kasbiy faoliyatiga aralashish, unga asossiz topshiriqlar berish taqiqlanadi. Loyihada profilaktika inspektorining kasbiy faoliyatiga aralashish, asossiz topshiriqlar va yuklamalar berish taqiqlanadi. Davlat organlari profilaktika inspektorining so‘roviga 10 kunda yozma javob berishi, uning taqdimnomasi esa darhol ko‘rib chiqilib, bir oyda yozma ravishda javob yuborilishi belgilanmoqda.

Profilaktika inspektori davlat organlarining axborot tizimlaridan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. U huquqbuzarliklar profilaktikasi turini mustaqil ravishda tanlaydi, majburiy profilaktik ko‘rsatmalar beradi, taqdimnoma kiritadi va ijrosini talab qiladi, o‘zining profilaktik tadbirlar uslubini ishlab chiqadi hamda vakolati doirasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtiradi.

Shu bilan birga, profilaktika inspektori zimmasiga ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksiga qat’iy rioya qilish, huquqbuzarliklar to‘g‘risida fuqarolarning har qanday shakldagi murojaatlarini qabul qilish va tezkorlik bilan munosabat bildirish, huquqbuzarlik sodir etilgan joyga darhol yetib kelish va tekshirish, jabrlangan fuqarolarga birinchi tibbiy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatish kabi majburiyatlar yuklatiladi.

prezident, profilaktika inspektori, yo‘l-patrul, patrul-post, qo‘riqlash xizmati, ichki ishlar organlari

Qonun loyihasida profilaktika inspektorlarining ijtimoiy-huquqiy himoyasi ham kuchaytirilmoqda. Hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan ta’minlash majburiyati yuklatilishi, faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi, uzoq yil xizmat qilganlar uchun pensiya kafolati nazarda tutilmoqda.

Profilaktika inspektorlariga qo‘shimcha vakolatlar ham berilishi rejalashtirilgan. Jumladan, ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llash vakolati kengaytiriladi, 18 ta modda bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llash imkoniyati yaratiladi.

Profilaktika inspektorining aholi oldida hisobdorligi ham kuchaytiriladi. U xizmat hududida xavfsiz muhitni yaratish yuzasidan har chorakda hisobot berib boradi. Agar aholining 50% dan yuqori qismi uning faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik bildirsa, inspektor attestatsiyaga qo‘yiladi va lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqiladi.

Prezident takliflarni ma’qullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Avvalroq O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a‘zo bo‘lish yuzasidan AQSh bilan muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.