Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Savdo vakili Jeymison Grirni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida vakil mamlakat yetakchisiga AQSH prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Ishbilarmonlik aloqalari faollashgani, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib borayotgani qayd etildi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Amerika biznesi vakillari bilan o‘tkazilgan davra suhbatining amaliy natijalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasida hamkorlik qilish va ushbu jarayonlar kelgusida ham AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga e’tibor qaratildi.

Yangi loyihaviy tashabbuslarni aniqlash va ilgari surish uchun Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi mexanizmidan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

2024-yil dekabr oyida O‘zbekiston va AQSH JSTga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi protokolni imzolagan edi. Undan bir oy avval esa tomonlar 14 oy davom etgan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagandi.

Biroq 2026-yilning fevral oyida prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov Spot’ga bergan intervyusida AQSH global savdo tizimidagi mavjud sharoitlardan norozi bo‘lgani va ustuvor yo‘nalishlarini keskin o‘zgartirgani sababli O‘zbekiston eksportni taqiqlangan subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlamayotgani hamda nohalol raqobat yuritmayotganiga ishonch hosil qilish uchun hujjatlarni juda sinchkovlik bilan o‘rganayotganini aytgandi. “Biz AQSHdan aniq pozitsiyani kutyapmiz”, — degandi vakil.

Avvalroq Moody‘s O‘zbekistonning suveren kredit reytingini Ba2 darajasiga ko‘targani haqida xabar berilgandi.