Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yangi Zamonaviy sanʼat markaziga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari xalqimizning boy madaniy merosi va shonli tarixi butun dunyoda haqli ravishda katta qiziqish uyg‘otishini qayd etdi. Shu bilan birga, zamonaviy sanʼatni ham izchil rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Ushbu markaz O‘zbekistonda zamonaviy sanʼatga ixtisoslashgan birinchi davlat muassasasidir. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyoda ko‘rgazma, taʼlim, tadqiqot va maʼrifiy faoliyatni birlashtirgan bunday ko‘lamdagi ilk madaniy majmua hisoblanadi.
Yangi markaz 1912-yilda meʼmor Vilgelm Geynselman loyihasi asosida barpo etilgan tarixiy binoda joylashgan. Dastlab bu yerda tramvay deposi bo‘lgan, keyinchalik binodan dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan.





Binoni restavratsiya qilish bo‘yicha meʼmoriy konsepsiya Fransiyaning Studio KO byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Yangilash jarayonida obyektning tarixiy qiyofasi va sanoat meʼmorchiligiga xos xususiyatlari saqlab qolindi. Ayni paytda bino zamonaviy madaniy maskan talablariga moslashtirildi.
Prezident ko‘rgazma va taʼlim maydonlari, jamoat hududlarini ko‘zdan kechirdi. Majmuada uchrashuvlar va ommaviy dasturlar uchun maydonlar, konsept-do‘kon hamda restoran tashkil etilgan.
Keng jamoatchilik uchun ochiq ixtisoslashtirilgan kutubxona va tadqiqot arxivida sanʼat, vizual madaniyat va tanqidiy nazariyaga oid adabiyotlar hamda materiallar jamlangan.
Markazda ko‘rgazmalar, leksiyalar, ochiq suhbat va muhokamalar, film namoyishlari, konsertlar, performanslar, ijodiy ustaxonalar va art-rezidensiya dasturlari tashkil etiladi.
Ushbu dasturlar mahalliy ijodkorlar, kuratorlar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, yangi kasbiy amaliyotlarni joriy etish hamda keng jamoatchilikning zamonaviy sanʼatdan bahramand bo‘lishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.
Markazning doimiy faoliyat yuritadigan ijodiy va kasbiy muhitga aylanishi alohida ahamiyatga ega. Bu yerda yosh ijodkorlar o‘z loyihalarini taqdim etadi, tadqiqotchilar manbalar va arxiv materiallari bilan ishlaydi, keng jamoatchilik esa taʼlim dasturlari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar va ijodiy hamjamiyat bilan bevosita muloqot orqali zamonaviy sanʼat bilan yaqindan tanishadi.
Bunday infratuzilma mamlakatimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, gumanitar taʼlim sifatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan madaniyat sohasidagi davlat siyosati vazifalariga to‘la mos keladi.





Majmua o‘z faoliyatini Hikmah (Hikmat) nomli ilk xalqaro ko‘rgazma bilan boshlaydi. Ko‘rgazma bilim, maʼnaviy meros va madaniy xotira mavzulariga, shuningdek, tarixiy anʼanalar bilan zamonaviy sanʼat o‘rtasidagi bog‘liqlikka bag‘ishlangan.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan taniqli rassomlarning 11 ta asari, jumladan, loyiha uchun maxsus yaratilgan ishlar o‘rin oladi. O‘zbekistonda ilk bor Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenxaym muzeyi to‘plamidagi installyatsiya namoyish etilishi alohida eʼtiborga molik.
Markaz xorijdagi yetakchi madaniy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. AQShdagi Guggenxaym muzeyi va Osiyo sanʼati milliy muzeyi, Buyuk Britaniyaning Tate va Delfina Foundation tashkilotlari, Fransiyaning Pompidu markazi hamda Koreya Sanʼat kengashi shular jumlasidan.
Davlat rahbariga markazning kelgusidagi ko‘rgazma, taʼlim va tadqiqot dasturlari haqida maʼlumot berildi.
Yangi maskan professional muhitni rivojlantirish, o‘zbekistonlik ijodkorlarini xalqaro maydonda keng tanitishga xizmat qilishi taʼkidlandi.





Prezident markazni ijodkor yoshlar, professional hamjamiyat va keng jamoatchilik uchun ochiq, jonli ijodiy makonga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Xalqaro aloqalarni kengaytirish, yurtimizga zamonaviy sanʼatning taniqli namoyandalarini jalb etish hamda mahalliy ijodkorlarning yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Loyiha madaniy diplomatiyani mustahkamlash, poytaxtning zamonaviy qiyofasini shakllantirish hamda Yangi O‘zbekistonni boy merosga ega, shu bilan birga, zamonaviy g‘oyalar, ijodiy izlanishlar va xalqaro muloqotga ochiq mamlakat sifatida yana-da keng namoyon etishga xizmat qiladi.
Markazning rasmiy ochilishi 6-sentabrga rejalashtirilgan.
Spot, avvalroq, madaniyat va san‘at yo‘nalishidagi talabalar startaplari uchun 50 mlrd so‘m ajratilishi haqida yozgandi.














