Markaziy bank mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan beriladigan kreditlar bo‘yicha jismoniy shaxslarning qarz yukini tartibga soluvchi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taklif qilmoqda. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, nobank kredit tashkilotlari qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadini kredit olish uchun murojaat qilingan sanadan oldingi kamida 3 oylik uzluksiz, biroq 12 oydan oshmagan davrdagi daromadlari asosida hisoblaydi.
Agar qarz oluvchi 12 oy va undan ortiq muddat davomida daromad olgan bo‘lsa, so‘nggi 12 oydagi barcha daromadlarning o‘rtacha oylik miqdori olinadi. Daromad olish davri 3 oydan 11 oygacha bo‘lsa, o‘rtacha ko‘rsatkich tegishli davrda olingan daromadlar asosida aniqlanadi.
Kredit olish uchun murojaatda birgalikda qarz oluvchi nazarda tutilgan bo‘lsa, uning daromadlari ham o‘rtacha oylik daromad hisob-kitobiga kiritiladi.
Mavsumiy ishlarda band bo‘lgan qarz oluvchilar uchun alohida tartib belgilanmoqda. Ularning o‘rtacha oylik daromadini hisoblashda so‘nggi olti oy ichida kamida uch oy uzluksiz olingan daromadlarning oltidan bir qismi olinadi.
Shuningdek, qarz oluvchilarning daromadini aniqlashda foydalanish mumkin bo‘lgan ma‘lumotlar doirasini kengaytirish taklif etilmoqda.
Xususan, ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqa va alimentlardan tashqari, bank hisobvaraqlariga tushumlar, soliq ma‘lumotlari hamda xalqaro pul o‘tkazmalari ham hisobga olinishi mumkin.
O‘zini o‘zi band qilganlarning agregatorlar, marketpleyslar va boshqa raqamli platformalar orqali olgan daromadlari, elektron hamyonlarga tushumlar hamda fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida olingan daromadlarni ham inobatga olish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, bank omonatiga kiritilgan mablag‘lar, foizlar, dividendlar, gonorar va royalti hamda mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlardan foydalanish mumkin.
Daromadlar soliqlar chegirilgan holda hisobga olinib, takrorlanuvchi va barqaror xususiyatga ega bo‘lishi kerak.
Loyiha bilan kredit kartalari va qayta tiklanadigan kredit liniyalari bo‘yicha qarz yukini hisoblash tartibi ham belgilanmoqda.
O‘rtacha oylik to‘lovni aniqlashda kredit karta yoki qayta tiklanadigan kredit liniyasi limitining 8%i, shuningdek, muddati o‘tgan qarzdorlik va boshqa tegishli to‘lovlar hisobga olinadi.
Kreditni so‘ndirish muddati 36 oydan oshsa, qarz yuki bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovni hisoblashda barcha to‘lovlar 36 oyga annuitet usulida teng taqsimlanadi. Muddati 36 oy yoki undan kam kreditlarda esa to‘lovlar shartnomada belgilangan oylar soniga taqsimlanadi.
Shuningdek, nizom talablarini oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar hamda ta‘lim kreditlariga tatbiq etmaslik taklif qilinmoqda.
Qaror loyihasi muhokamasi 5-sentabrga qadar davom etadi. Agar qabul qilinsa, hujjat rasmiy e‘lon qilingan kundan bir oy o‘tib kuchga kiradi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank banklardan onlayn mikroqarzlar bo‘yicha sug‘urta shartlarini ochiqlashni talab qilgani haqida yozgandi.