WhatsApp’ning Android versiyasida bloklangan smartfondagi shaxsiy fotosuratlarni ko‘rish imkonini beruvchi xatolik aniqlandi. Bu haqda 9to5Google xabar berdi.

Buning uchun messenjerga kelgan qo‘ng‘iroqqa javob berishning o‘zi kifoya. Shundan so‘ng ekran blokirovkasini chetlab o‘tib, qurilmadagi rasmlarni tanlash oynasini ochish mumkin.

Hujum usuli juda oddiy. Bloklangan smartfonga WhatsApp orqali qo‘ng‘iroq kelganda, telefonni oldindan qulfdan chiqarmasdan ham qo‘ng‘iroqqa javob berish mumkin.

Videoqo‘ng‘iroq oynasida filtr va effektlardan foydalanish tugmasi paydo bo‘ladi. Ular orasida Meta’ning fotosuratlar bilan ishlaydigan sun’iy intellekt funksiyalari ham bor.

Muammo aynan shu bosqichda yuzaga keladi. WhatsApp PIN-kod yoki biometrik tasdiqlashni so‘rash o‘rniga, smartfonda saqlangan fotosuratlarning oldindan ko‘rish oynasini ko‘rsatib qo‘yishi mumkin.

Ya’ni, smartfonga jismonan ega bo‘lgan va kiruvchi qo‘ng‘iroqqa javob bera oladigan odam telefon hali ham bloklangan bo‘lsa-da, shaxsiy fotosuratlarni ko‘rishi mumkin.

Biroq zaiflik barcha Android smartfonlarida ham ishlamaydi. Pixel va Oppo qurilmalarida bu usul orqali fotosuratlarga to‘liq kirish mumkin. Ayrim Samsung Galaxy modellarida esa rasmlarga o‘tishdan oldin tizim baribir telefonni qulfdan chiqarishni talab qiladi.

iPhone foydalanuvchilari esa bu muammoga duch kelmaydi, chunki WhatsApp iOS’dagi standart qo‘ng‘iroq interfeysidan foydalanadi va u bunday chetlab o‘tishga yo‘l qo‘ymaydi.

Muhimi, bu xatolik smartfonning to‘liq buzib kirilganini anglatmaydi. Begona odam boshqa ilovalar yoki tizim bo‘limlarini erkin ocholmaydi.

Shuningdek, fotosuratlarni WhatsApp orqali boshqa joyga yuborib olishning ham imkoni yo‘q — ularni faqat ekranda ko‘rish mumkin. Shunga qaramay, bu ham yetarli bo‘lishi mumkin: masalan, rasmlarni boshqa telefon yordamida suratga olish mumkin.

Muammo haqida WhatsApp va Google’ga allaqachon xabar berilgan. Ma’lumot e’lon qilingan paytda xatoni tuzatuvchi yangilanish hali chiqarilmagan.

Hozircha Android foydalanuvchilariga WhatsApp’ning fotosurat va videolarga kirishini cheklash tavsiya etiladi. Buning uchun ilova ruxsatlari sozlamalaridan media fayllarga cheklangan kirish variantini tanlash kerak.

Bu rejim WhatsApp’ga qurilmadagi barcha rasmlarni ko‘rish imkonini bermaydi va vaqtinchalik yechim sifatida mazkur ekran blokirovkasini chetlab o‘tish usulini ham to‘sadi.


Avvalroq Spot Zoom’dagi zaiflik orqali boshqa qurilmalarni boshqarish imkonini beruvchi xatolik aniqlangani haqida yozgandi.