Markaziy bank tijorat banklaridan onlayn mikroqarzlar bilan bog‘liq sug‘urta mahsulotlari bo‘yicha tushuntirish berishni so‘radi.

Regulyator tomonidan bankarga chiqarilgan xatda ijtimoiy tarmoqlarda onlayn mikroqarz ajratishda sug‘urta polisi uchun sug‘urta mukofoti mijoz yoki ajratilayotgan mikroqarz hisobidan ushlab qolinishi bilan bog‘liq xabarlar o‘rganilayotgani ma’lum qilingan.

Xabarlarda kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta shartnomasining foydalanilmagan davri uchun sug‘urta mukofotining tegishli qismi mijozlarga qaytarilmasligi yoki uni qaytarish tartibi yetarli darajada sodda va tushunarli emasligi aytilgan.

8-iyul kuni Platforma.uz Telegram-kanalida e’lon qilingan postda onlayn mikroqarz muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta mukofotining foydalanilmagan qismi mijozlarga avtomatik qaytarilmayotgani, buning o‘rniga fuqarolar bank yoki sug‘urta kompaniyasiga alohida murojaat qilishga majbur bo‘layotgani tanqid qilingan edi. Banklar bunday to‘lovlarni inson omilisiz, avtomatik tarzda qaytarish tizimini joriy etishga chaqirilgan.

Ushbu murojaatdan keyin Markaziy bank onlayn mikroqarzlar va boshqa chakana kreditlar bilan bog‘liq sug‘urta mahsulotlarini taklif etayotgan banklar ushbu masala bo‘yicha o‘z rasmiy pozitsiyasini e’lon qilishi lozimligini bildirdi.

Unga ko‘ra, banklar o‘z rasmiy sayti, mobil ilovasi, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va boshqa rasmiy axborot kanallari orqali quyidagilarni iste’molchilarga tushuntirishi lozim:

  • onlayn mikroqarz ajratishda sug‘urta mahsuloti taklif etilishi yoki etilmasligi;
  • agar taklif etilsa, u mijoz uchun ixtiyoriymi yoki kredit ajratishning majburiy sharti hisoblanadimi;
  • sug‘urta mukofoti qaysi manba hisobidan to‘lanishi (mijoz hisobvarag‘idan, kredit summasidan yoki boshqa manbadan);
  • sug‘urta mahsulotini taqdim etayotgan sug‘urta tashkilotlari ro‘yxati;
  • bank ushbu jarayonda kreditor, sug‘urta agenti yoki texnik axborot kanali sifatida ishtirok etayotgani;
  • kredit muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganda sug‘urta shartnomasining foydalanilmagan davri uchun sug‘urta mukofoti qaytarilishi yoki qaytarilmasligi;
  • agar qaytarilsa, bu avtomatik amalga oshiriladimi yoki mijoz bank yoki sug‘urta tashkilotiga murojaat qilishi kerakmi, murojaat qanday tartibda yuborilishi;
  • sug‘urta mukofotini qaytarish muddati va zarur hujjatlar;
  • ushbu yo‘nalishda kamchiliklar mavjud bo‘lsa, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar.

Shuningdek, agar ijtimoiy tarmoqlarda tilga olingan holatlar bank amaliyotida kuzatilmagan bo‘lsa, banklar buni asosli ravishda rad etishi va amaldagi tartibni iste’molchilarga sodda tilda tushuntirishi maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Agar kredit ajratish bilan bog‘liq sug‘urta mukofotini qaytarish jarayonida mijozlar uchun noqulayliklar, tushunmovchiliklar yoki texnik cheklovlar mavjud bo‘lsa, banklar bu holatlarni tan olib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar va muddatlarni ochiq e’lon qilishi lozim.

Markaziy bank banklar tomonidan e’lon qilinadigan axborot umumiy xabar yoki mavhum raddiya shaklida emas, balki iste’molchilar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan aniq tushuntirish shaklida bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Banklardan amalga oshirilgan ishlar, e’lon qilingan axborot va ma’lumotlar havolalari hamda mijozlarga berilgan tushuntirishlar haqida joriy yil 16-iyulga qadar Markaziy bankka ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.

Avvalroq Spot XVJ O‘zbekistonning valyuta kursi rejimini erkin suzuvchi deb baholagani haqida yozgan edi.