Markaziy bank bank ichidagi hisob-kitoblarni in-house modeli bo‘yicha qayta ishlash tartibini tasdiqladi. Adliya vazirligi regulyator boshqaruvining tegishli qarorini 27-avgust kuni ro‘yxatdan o‘tkazib, Lex.uz portalida e‘lon qildi.
In-house modeli bitta bank kartalari o‘rtasidagi to‘lov operatsiyalarini uchinchi tomonni jalb qilmagan holda bajarishni nazarda tutadi. U emitent bankning o‘z infratuzilmasida hisob-kitoblarni avtorizatsiya qilish, ularga ishlov berish va pul o‘tkazish imkonini beradi.
Markaziy bank tomonidan tasdiqlangan “Bank kartalarini chiqarish va ularning muomalasi to‘g‘risida"gi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar kredit tashkilotlariga in-house modelini ixtiyoriy ravishda joriy etish imkonini beradi. Bunda ular to‘lov tizimlari va servislari uchun belgilangan kiberxavfsizlik talablariga rioya qilishi shart.
Bank in-house modelini joriy etish to‘g‘risida uni ishga tushirishdan kamida 30 kun oldin Markaziy bankka yozma yoki elektron shaklda xabarnoma yuborishi lozim.
Xabarnomada quyidagilar ko‘rsatilishi talab qilinadi:
- modelni ishga tushirish sanasi;
- ichki infratuzilmada ishlov beriladigan operatsiyalar turlari;
- foydalaniladigan axborot tizimlari to‘g‘risidagi ma‘lumotlar;
- axborot xavfsizligi va uzluksiz ishlashni ta‘minlashga doir chora-tadbirlar.
Shuningdek, bank to‘lov ma‘lumotlarining maxfiyligini ta‘minlash bo‘yicha ichki hujjatlarni tasdiqlashi shart. U operatsion va texnologik tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash hamda kamaytirish tartibini belgilashi kerak.
Bundan tashqari, majburiy shartlar ro‘yxatiga asosiy tizimdan mustaqil ishlaydigan, to‘lovlarga ishlov berish uchun mo‘ljallangan zaxira aloqa kanali va axborot tizimining mavjudligi kiradi. Bank ularning ishchanligini yiliga kamida bir marta sinovdan o‘tkazishi lozim.
In-house modeli bo‘yicha hisob-kitoblarni faqat bitta bank tomonidan chiqarilgan kartalar o‘rtasida — real vaqt rejimida yoki kliring sessiyasi yakunlangach amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma‘lumotlar ular amalga oshirilgandan so‘ng kamida 5 yil saqlanishi kerak. Operatsion hodisalar, uzilishlar yoki kiberxavfsizlik insidentlari yuz berganda, bank zudlik bilan Markaziy bankni xabardor qilishi va salbiy oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida ma‘lum qilishi lozim.
Hujjat rasman e‘lon qilingan kundan uch oy o‘tgach — 27-noyabrdan kuchga kiradi.
Spot, avvalroq, hokimlar va banklar kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tishi haqida yozgandi.