Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Murodbek Atadjanov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rag‘batlantirish va yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish yuzasidan topshiriqlar berilganini ma’lum qildi.
“Qolaversa, pensiyani tayinlayotganda aynan adolat mezonlarini mustahkamlash, ya’ni fuqarolarning mehnatiga yarasha pensiya olishi, munosib mehnat sharoitlari yaratilishi va ularga ijtimoiy himoya instrumentlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlarni oldik”, — dedi u.
Shuningdek, davlat pensiyasiga qo‘shimcha ravishda jamg‘arib boriladigan ixtiyoriy pensiya tizimini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Atadjanovning ta’kidlashicha, xalqaro tajriba fuqarolar ixtiyoriy pensiya jamg‘armalariga qancha ko‘p badal kiritsa, kelgusida oladigan pensiyasi ham shuncha yuqori bo‘lishini ko‘rsatadi.
Mazkur tizimni rag‘batlantirish maqsadida davlat ham uning moliyalashtirilishida ishtirok etishi taklif qilinmoqda. Xususan, fuqaro ixtiyoriy pensiya tizimiga badal to‘lasa, davlat uning 50% gacha miqdorda qo‘shimcha mablag‘ ajratishi mumkin. Natijada 20−25 yildan so‘ng fuqaro nafaqat o‘zi jamg‘argan mablag‘, balki davlat tomonidan qo‘shilgan ulush hisobidan ham qo‘shimcha pensiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktorining qayd etishicha, prezident tomonidan bildirilgan mazkur takliflar muhokama qilinib, ular asosida tegishli farmon loyihasi ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, davlat rahbari O‘zbekistonda jahon tajribasi asosida xususiy va korporativ pensiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha ham bir qator topshiriqlar bergan. Atadjanov bu bo‘yicha ham takliflar o‘rganilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliqni majburiy qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.
