Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edi. Pensiya hisoblashda ish haqi olinadigan davrni 5-yildan 20-yilgacha uzaytirish hamda hisobga olinadigan ish haqining maksimal miqdorini 6 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mga oshirish taklif etildi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimovning O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, prezident tomonidan adolatli, shuningdek “har bir fuqaro pensiya yoshiga yetganda o‘zi uchun o‘zi qayg‘uradigan tizim yaratish” bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Uning aytishicha, hozir O‘zbekistonda 4,3 mln nafar pensioner mavjud bo‘lib, pensiya daromadlari 86 trln so‘mga yetgan. Daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi farqni qoplash uchun esa budjet mablag‘lari hisobidan 23 trln so‘m transfer ajratiladi. Prezident buning o‘rniga o‘zini o‘zi qoplaydigan pensiya jamg‘armasi bo‘yicha topshiriq berdi.
Hozirgi kunda ish beruvchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12% ni tashkil etadi, shu bilan birga, bu borada imtiyozlar ham mavjud. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, 65 mingdan ortiq korxonalar 3,2 trln so‘mlik ijtimoiy soliq yengilligini olgan.
“Ya'ni, ayrim korxonalar ushbu soliqdan to‘liq ozod qilingan yoki 1%lik stavka bo‘yicha to‘lov qilmoqda. Ushbu imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni 2030-yillarga borib bekor qilish bo‘yicha tizim ishlab chiqish topshirildi”, — dedi Otabek Fozilkarimov.
Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga bir qator imtiyozlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Xususan, ularni Pensiya jamg‘armasiga badal to‘lashga rag‘batlantirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Hozirda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soni 2,8 mln nafarga yetgan bo‘lsa, ularning qariyb 800 ming nafarga yaqini (30%i) ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliqni to‘lamoqda. Bu hozirda BHMning bir baravari — 412 ming so‘mni tashkil etadi hamda ushbu to‘langan soliq fuqaroga bir yillik mehnat staji sifatida hisoblanadi.
Endilikda ushbu tizimni majburiy tartibda joriy etish rejalashtirilmoqda. Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, bu fuqarolarning kelgusida yetarli pensiya stajiga ega bo‘lishini ta’minlash bilan birga, to‘langan to‘lovlar hisobidan ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga ajratmalar ham shakllantiradi.
“Ertaga fuqaro bola parvarishi ta’tiliga yoki kasallik nafaqasiga chiqadigan bo‘lsa, bu davrda ham nafaqa olish imkoniyatini yaratuvchi tizim qilinyapti. Prezident shu bo‘yicha ham alohida topshiriqlar berib, takliflarimizni ma’qulladilar”, — dedi u.
Otabek Fozilkarimov pensiya tizimini raqamlashtirish bo‘yicha ham alohida vazifalar belgilab berilganini qayd etdi. Hozirda pensiyaga chiqayotgan fuqarolarning 62% ga pensiya proaktiv tarzda tayinlanmoqda. Qolgan 38% holatda esa arxiv hujjatlari yoki avvalgi ish joylari haqidagi ma’lumotlar to‘liq raqamlashtirilmagani sababli hujjatlar qog‘oz shaklida rasmiylashtirilmoqda.
Prezident topshirig‘iga muvofiq, ushbu hujjatlar ham raqamlashtiriladi. Natijada pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga, masalan erkaklar 60 yoshga to‘lganda, pensiyani avtomatik tayinlash imkoni yaratiladi, deya xulosa qildi u.
Spot, avvalroq, Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘zining press-relizida O‘zbekistonda pensiya islohotiga tayyorgarlik boshlanganini ma‘lum qilgani haqida yozgandi.