Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) o‘zining press-relizida O‘zbekistonda pensiya islohotiga tayyorgarlik boshlanganini ma‘lum qildi. Mamlakat rasmiylari tizimni isloh qilish konsepsiyasining loyihasini ishlab chiqqan bo‘lsa-da, kompleks o‘zgarishlar hozircha dastlabki bosqichda turibdi.

“Pensiya islohotiga qadamlar boshlandi. Pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, u tayyorgarlik tahliliy ishlarini va maslahatlashuvlarni o‘z ichiga oladi. Biroq tizimning o‘rta muddatli istiqboldagi barqarorligini ta‘minlash uchun zarur bo‘lgan kompleks islohotlar hali dastlabki bosqichda, chunki zaruriy aktuar tahlil hali o‘tkazilmagan”, — deyiladi XVJ hisobotida.

Jamg‘armaning tushuntirishicha, kompleks islohotga o‘tishning asosiy sharti aktuar tahlilini o‘tkazish bo‘lib qolmoqda, bu pensiya tizimining o‘rta muddatli istiqboldagi moliyaviy barqarorligini baholash imkonini beradi.

Shu munosabat bilan XVJ hukumatga budjetga yuklamani oshirishi mumkin bo‘lgan boshqa keng ko‘lamli islohotlarni, xususan, davlat xizmatchilariga ish haqi to‘lash tizimi islohotini kechiktirishni tavsiya qilmoqda. Mutaxassislar fikricha, mansab maoshlarining doimiy shkalasini 2026-yilda sog‘liqni saqlash va ta‘lim sohasidagi islohotlar xarajatlari baholanib, pensiya islohoti parametrlari hisobga olingach, ya‘ni 2027-yildan oldin joriy etish maqsadga muvofiq emas. Xarajatlarni cheklash uchun shtatlarni qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etilgan.

Jamg‘arma, shuningdek, majburiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga badallar stavkalarini oshirishdan ogohlantirmoqda, chunki bu ish beruvchilarning xarajatlari ortishiga, mehnat bozoriga salbiy ta‘sir ko‘rsatishiga va yetarlicha rivojlanmagan moliya bozori sharoitida qo‘shimcha xavflarni yuzaga keltirishi mumkin.

“Ish haqi xarajatlarining yuqoriligi, mehnat bozoriga va sust rivojlangan moliya bozorlariga noqulay ta‘sirlarni inobatga olgan holda majburiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga badallar stavkalarini oshirishdan saqlanish lozim”, — deya ta‘kidlanadi ma‘lumotda.

XVJning qo‘shimcha qilishicha, pensiya tizimiga har qanday keng ko‘lamli o‘zgartirish kiritishdan avval mustaqil aktuar baholashni o‘tkazish majburiy shart bo‘lishi kerak.

Pensiya islohoti

2024-yil sentyabrda Vazirlar Mahkamasi davlat pensiya ta’minotini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibini tasdiqladi. Ishchi guruhga amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni o‘rganish vazifasi yuklandi.

Pensiya islohotlari konsepsiyasi loyihasini 2025-yil 1-martgacha Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirilgandi. Ishchi guruhga Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov rahbarlik qiladi.

2025-yilning aprel oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning soliq-budjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Budjet xarajatlari samaradorligini oshirish uchun pensiya islohotini o‘tkazish taklif etildi.

Oxirgi 10 yilda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar oshgan. 2020-yildan boshlab pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun doimiy ravishda davlat budjetidan transfert ajratiladi. 2022-yilda transfert miqdori 11 trln so‘mni tashkil etib, umumiy xarajatlarning chorak qismini tashkil etdi. 2023-yil uchun 15 trln so‘m (29%) ajratish rejalashtirilgandi. 2030-yilda transfert hajmi 38 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Xalqaro maslahatchilar kengashi O‘zbekistonda pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish va buning uchun 6 ta yo‘nalishdagi 5 ta qonunni qabul qilishni taklif qilgandi. Bular qatorida “sug‘urta staji"ni joriy etish, pensiya bo‘yicha xizmatlarni to‘liq raqamlashtirish hamda xususiy pensiya jamg‘armalarini tashkil etish bor.

Undan keyin prezident “Fuqarolarning davlat pensiya ta‘minoti to‘g‘risida"gi qonunga pensiyalarni proaktiv shaklda (avtomatik) tayinlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni tasdiqladi. Erkaklar 60 yoshdan, ayollar 55 yoshdan keyin avtomatik ravishda to‘lov oladi.Fuqaroning yoshga doir pensiya olish huquqi belgilangan axborot tizimlaridan olingan ma‘lumotlar asosida aniqlanadi.

Iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga amaldagi pensiya tizimini isloh qilishni tavsiya qildi. Xususan, minimal pensiya yoshini oshirish va to‘lovlarni inflyatsiya darajasiga avtomatik ravishda indeksatsiya qilish taklif etildi.

XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat 2025-yilda pensiya islohoti loyihasini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Pensiya islohoti konsepsiyasini sentabrgacha prezidentga taqdim etish rejalashtirilgan.

O‘z navbatida, Pensiya jamg‘armasi ijtimoiy tarmoqlarda pensiyaga chiqishning eng kam yoshini oshirish taklifi bilan bog‘liq xabarlarga izoh berib, hozirda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaganini, ishlar o‘rganish, tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish bosqichida ekanligini qayd etdi.

Adliya vazirligi tomonidan 2026-yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlarida jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilyotgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari avtomatik tarzda berilishi aytilgandi.

Spot, avvalroq, 1-iyuldan O‘zbekistonda pensiya va nafaqalar 7% ga oshirilishi haqida yozgandi.