O‘zLiDeP bank kartalari bo‘yicha SMS-xabarlarga muqobil tizimlarni joriy etishni taklif qildi.
Bank kartalaridan foydalanish va ular orqali amalga oshirilgan har bir to‘lov haqida SMS-xabar yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Partiyaga ko‘ra, moliyaviy operatsiyalarning asosiy qismi bank kartalari orqali amalga oshirilayotgani sababli SMS-xabarlar soni ortib, aholiga qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda. So‘nggi uch yilda ushbu xizmat narxi ikki barobarga — 84,2 so‘mdan 168,4 so‘mgacha oshdi.
Xabarlarning har doim ham o‘z vaqtida yetib kelmasligi, ma‘lumot hajmining cheklangani hamda kiberxavfsizlik darajasi yuqori emasligi ularning samaradorligini pasaytirmoqda.
Partiya xorijiy bank va to‘lov tizimlari faqat bitta xabarnoma tizimidan, jumladan SMS-xabarlardan bosqichma-bosqich voz kechayotganini qayd etdi.
Buning o‘rniga, masalan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Push va In-App tizimi, messenjerga xabar yuborish hamda Email-xabarnomalarni joriy etmoqda.
Revolut, N26 hamda BNP Paribas operatsiyalarni tasdiqlash va karta hisobotlari uchun deyarli to‘liq Push-bildirishnomalarga o‘tgan. Bu SMS-xabarlardagi zaifliklar orqali kodlarni o‘g‘irlash holatlarini kamaytirmoqda.
Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikasi mamlakatlarida messenjerlar orqali xabar yuborish ham ommalashgan. Singapur esa xavfsiz raqamli tokenlar (Soft Tokens) tizimini joriy etib, yuqori xavfli operatsiyalar uchun bir martalik kodlardan voz kechish majburiyatini yuklagan. Unda xabarnomalar bank ilovasi ichidagi raqamli kalitlar orqali boshqariladi.
Hisob-kitobiga ko‘ra, bunday yechimlar banklarning operatsion xarajatlarini SMS-xabarlarga nisbatan 50−70% ga kamaytirishi mumkin. Shundan kelib chiqib, O‘zLiDeP aholi uchun qulay bo‘lgan tizimni joriy etish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Partiya bank va to‘lov tizimlariga SMS-xabarlarga muqobil bo‘lgan kiberxavfsizlik va iqtisodiy samaradorlik darajasi yuqori xabarnoma tizimlarini joriy etish majburiyatini yuklashni taklif qilmoqda.
Shu bilan birga, bank kartalarini faollashtirish va ulardan foydalanishda faqat bitta xabarnoma turidan foydalanish amaliyotidan voz kechish taklif etilgan.
Bank kartasidagi moliyaviy transaksiyalarni monitoring qilish uchun qaysi turdagi xabarnomadan foydalanishni iste‘molchining o‘z ixtiyoriga topshirish nazarda tutilgan.
Octotelecom kontent-provayderi 1-maydan Humo kartalari bo‘yicha 13131 qisqa raqamidan yuboriladigan SMS-xabarnomalar narxi 168,4 so‘mga oshirilishi haqida xabar bergan edi. Keyinroq Humo to‘lov tizimi operatori — Milliy banklararo protsessing markazi ushbu narx avvalgi darajada saqlanib qolinishini ma‘lum qildi.
Shuningdek, hozirda Uzcard to‘lov tizimidan kiruvchi har bir SMS narxi 168,4 so‘mni tashkil etadi.
Mart oyida O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 70 mlndan oshgani aytilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda valyuta operatsiyalari qoidalari yangilangani haqida yozgandi.