Octotelecom kontent-provayderi 13131 qisqa raqamidan yuboriladigan SMS-xabarnomalar — Humo kartalari bo‘yicha operatsiyalar va qoldiq to‘g‘risidagi axborot xabarlari narxi o‘zgarishini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati 9-aprel kuni ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-mayidan boshlab har bir kiruvchi SMS-xabar narxi ikki baravarga — 84,2 so‘mdan 168,4 so‘mga oshiriladi.
Kompaniyaga ko‘ra, narx o‘zgarishi texnik infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash xarajatlarining oshishi, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, xizmatning barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash, shuningdek, energiya resurslari va litsenziya to‘lovlari narxining oshishi bilan bog‘liq.
“HUMO SMS-xabarnomasi” xizmati narxi oshirilayotgani haqida Mobiuz, Ucell va Beeline mobil operatorlari ham xabar bergan. Ushbu xizmatni o‘chirish uchun 13131 qisqa raqamiga “STOP” kod so‘zini SMS orqali yuborish kerak.
Bundan tashqari, kelgusi oydan boshlab Click to‘lov tashkiloti tomonidan taqdim etiladigan “880 SMS-xabardornomasi” xizmati narxi ham 168,40 so‘m etib belgilanadi. Ushbu xizmat foydalanuvchilarga USSD-kodlar orqali amalga oshirilgan to‘lovlar holati hamda karta ulangan xizmatlar bo‘yicha xabarnomalarni olish imkonini beradi.
Humo to‘lov tizimi saytida bir martalik olti raqamdan iborat OTP-xavfsizlik kodlari SMS-xabarlar bilan 13131 qisqa raqami orqali yuborilishi ko‘rsatilgan.
Bir martalik kod faqat kartaga biriktirilgan mobil raqamda ijobiy balans mavjud bo‘lgandagina yuboriladi. SMS-xabar yuborish qiymati kontent-provayder tariflariga muvofiq belgilanadi. Bu xizmat esa Octotelecom tomonidan ko‘rsatiladi.
YIDXP ma’lumotlariga ko‘ra, Octotelecom 2024-yil fevral oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 4,4 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya simsiz aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilari Octo (99%) va Octobank raisi Tursunov Iskandar Baxtinurovich (1%). Rahbar sifatida Amirsaidov Jamshid Saidabrorovich ko‘rsatilgan.
O‘z navbatida, ustav fondi 39,1 mlrd so‘m bo‘lgan Octo to‘liq Tursunov Iskandar Baxtinurovichga tegishli. Boshqa dasturiy ta’minotlar ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbari — Akramov Umid Shuhratovich.
Spot Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestrida (KTYDR) har ikkala kompaniya haqidagi ma’lumotlarni topa olmadi — tizimda soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) noto‘g‘ri kiritilganligi haqida xatolik chiqadi.
2025-yil mart oyida Play Mobile Uzcard milliy to‘lov tizimida kiruvchi xabarlar uchun tariflar oshirilishini e’lon qilgandi. Beeline, Humans, Perfectum, Ucell, Mobiuz va UzMobile operatorlari mijozlari uchun 5800 raqamidan yuborilgan har bir SMS narxi ikki baravarga oshib, 168,4 so‘mni tashkil etdi.
Avvalroq Spot Uzcard bank kartalaridan qarzlar bo‘yicha to‘lovlarni avtomatik ravishda yechib olishni cheklagani haqida yozgan edi.