O‘zbekistonda ipoteka omonatini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda 12-may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Ipoteka va uy-joy dasturlarini moliyalashtirish va hisobini yuritish bo‘limi boshlig‘i Javohirbek Amonov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Markaziy bank tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda maqsadli ipoteka omonati mexanizmini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tartibni joriy yilning 1-iyulidan boshlab sinov tarzida ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka dasturlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Rasul Xamidovning qo‘shimcha qilishicha, ipoteka omonati mexanizmini joriy qilishda ko‘plab xorijiy davlatlar, jumladan, Germaniya, Fransiya kabi mamlakatlar tajribasi o‘rganilgan, “biroq, ulardan to‘g‘ridan to‘g‘ri nusxa olinmagan”.

Xamidov ushbu amaliyotning asosiy maqsadi kelgusida uy-joy xarid qilish istagida bo‘lgan aholining bo‘sh turgan pullarini omonat sifatida jamg‘arish orqali ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

“Bilasiz, bugungi kunda ipoteka subsidiyasi uchun berilgan xabarnomalar to‘rt oydan keyin o‘z kuchini yo‘qotadi, agar fuqarolar ipoteka omonatini o‘ziga zarur bo‘lgan mablag‘ bilan to‘ldirsa, unga qo‘shimcha imkoniyat berilib, xabarnomasi uy topib olgunga qadar bir yil davomida amal qiladi. Bundan tashqari, bir yil davomida davlat budjetidan ajratilgan subsidiyaga ham, o‘zi qo‘ygan puliga ham omonat shaklida bozor stavkasida foiz hisoblanadi. Misol uchun, bugun qo‘ygan puli bir yildan keyin ko‘payib, ipoteka krediti olishga imkoniyat yaratadi”, — dedi Rasul Xamidov.

Shuningdek, u mamlakatda Ipotekani kafolatlash jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi. Mazkur tizim orqali boshlang‘ich badal uchun yetarli mablag‘i mavjud bo‘lmagan fuqarolarga qo‘shimcha kafolat taqdim etish ko‘zda tutilgan.

Bunda banklar davlat jamg‘armasi orqali kafolatlangan mablag‘larni jalb qilish imkoniga ega bo‘ladi. “Bu ham ipoteka krediti rasmiylashtirish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi”, — deya xulosa qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarmasi boshlig‘i.

Fevral oyida qabul qilingan prezident farmoniga (PF-29-son) ko‘ra, joriy yilning iyul oyigacha jamg‘armani tashkil etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish hamda vazirlik va idoralar bilan kelishish topshirilgan. Oktabrgacha hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak. Jamg‘arma faoliyati uchun xalqaro moliya institutlaridan $30 mln kredit mablag‘lari jalb qilinadi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda ipotekaga olingan uyda bank roziligi bilan ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berilgani haqida yozgan edi.