Andijon viloyatida tadbirkorning hisob raqamidan asossiz yechib olingan 404,2 mln so‘m qaytarildi. Bu haqda Biznes-ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

O.B.T.X.U korxonasi hisob raqamidan yechib olingan mablag‘ni qaytarishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

O‘rganishlar davomida Andijon viloyati soliq boshqarmasi boshqa bir korxonaning soliq qarzi uchun jamiyat hisob raqamidan 404,2 mln so‘m asossiz yechib olgani aniqlangan. Aslida, ushbu debitorlik qarzi sud qarori bilan o‘z tasdig‘ini topmagan va rad etilgan.

Soliq kodeksining 121−1-moddasiga ko‘ra, debitorlik qarzi asoslangan holda rad etilsa yoki bu haqda sud qarori mavjud bo‘lsa, soliq qarzini undirish ushbu debitorlik qarziga qaratilishi mumkin emas.

Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra, tadbirkor hamda davlat organlari o‘rtasidagi har qanday ziddiyat va noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinishi lozim.

Biznes-ombudsman devoni holatni o‘rganib, Andijon viloyati soliq boshqarmasiga tegishli xulosa kiritgan.

Natijada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar bartaraf etilib, 404,2 mln so‘m tadbirkorning hisob raqamiga qaytarilgan.

Spot, avvalroq, Qoraqalpog‘istondagi korxona Biznes-ombudsman yordamida yer solig‘ini 10 baravarga kamaytirgani haqida yozgandi.