O‘zbekistonda yerosti gaz omborlariga quyish uchun gaz har kuni reja asosida yetkazib berilmoqda. Bu haqda 14-oktabr kuni energiya tariflari islohotiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida neft-gaz sohasi uchun mas’ul iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev ma’lum qildi.

“Har yili yoqilg‘i-energetika balanslari ishlab chiqiladi. Hozirgi kunda, 25-oktabrgacha bo‘lgan davrda, yerosti gaz omborlariga quyish uchun gaz har kuni reja asosida yetkazib berilmoqda va bunda mutlaqo hech qanday muammo yo‘q”, — dedi u.

2025-yil dekabr oyida sobiq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2025−2026-yillardagi kuz-qish mavsumida iste’molchilarga 25,4 mlrd kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilganini bildirgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkita yirik yerosti gaz ombori — “Gazli” va “Xo‘jaobod” barqaror ishlagan va ulardan kuniga 42 mln kub metrgacha gaz olish imkoniyati mavjud bo‘lgan.

O‘shanda qish mavsumida ichki iste’mol uchun omborlardan avvalgi qishga nisbatan 1,2 mlrd kub metr ko‘proq gaz yetkazib berish ham rejalashtirilgan edi.

Shu bilan birga, Gazeta.uz nashri yozishicha, yerosti gaz omborlaridagi gaz hajmi, shuningdek, gazni quyish va olish ko‘rsatkichlari bo‘yicha dolzarb ma’lumotlar ochiq e’lon qilinmaydi.

Avvalroq 2024-yil oktabr oyida qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida yerosti gaz omborlarida 5,1 mlrd kub metrdan ortiq gaz jamlangani ma’lum qilingan edi. Bu 2023-yilga nisbatan 1,1 mlrd kub metr ko‘p.


Avvalroq Spot Rossiyadagi gaz quvuridagi portlash O‘zbekistonga gaz yetkazib berishga ta’sir qilmagani haqida yozgandi.