Rossiya hududidagi “O‘rta Osiyo — Markaz” magistral gaz quvurida portlash yuz berganiga qaramay, O‘zbekistonga gaz yetkazib berish shartnoma majburiyatlariga muvofiq davom etmoqda. Bu haqda 14-oktabr kuni energiya tariflari islohotiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Energetika vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari ma’lum qildi.

Energetika vazirligi vakili O‘zbekistonga gaz yetkazib berishga hodisa qanday ta’sir qilishi haqidagi savolga javob berar ekan, Rossiya bilan hukumatlararo kelishuv mavjudligini va barcha tomonlar o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarayotganini bildirdi.

Neft-gaz sohasiga mas’ul iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev ham Rossiya gazini yetkazib berishda muammolar yo‘qligini ta’kidladi.

“Gaz ikki kompaniya o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq, o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda”, — dedi u.

13-oktabr kuni Kommersant nashri Rossiyaning Penza viloyatidagi Volchkovo qishlog‘i yaqinida gaz quvurida portlash yuz bergani haqida xabar berdi.

Hodisadan so‘ng kuchli alanga paydo bo‘lib, olov ustunining balandligi qariyb 70 metrga yetgan. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, quvur tezkorlik bilan yopilgan. Halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.

“O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri umumiy uzunligi qariyb 5 ming kilometr bo‘lgan gaz tashish tizimining bir qismi hisoblanadi.

Ushbu tizim Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondagi gaz konlarini Rossiya hamda Yevropadagi iste’molchilar bilan bog‘laydi.

2026-yilning sakkiz oyida Rossiya va Turkmanistondan tabiiy gaz importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,2% ga oshib, $1,21 mlrd ni tashkil etdi.

Shundan $124,3 mln i suyultirilgan gaz (propan) hissasiga to‘g‘ri keldi — uning xaridi 3,5 baravar ko‘paydi. Avgustda tabiiy va suyultirilgan gaz importi qiymati iyuldagi $38,3 mln dan $206,1 mln ga yetdi.


Avvalroq Spot 1-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 2,5 baravarga oshishi mumkinligi haqida yozgandi.