2026-yil yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston tabiiy gazni eksport qilganidan ancha ko‘p import qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Sakkiz oy davomida Rossiya va Turkmanistondan tabiiy gaz importi 15,2% ga oshib, $1,21 mlrd ni tashkil etdi. Ushbu summaning $124,3 mln i suyultirilgan gaz (propan) hissasiga to‘g‘ri keldi. Uni xarid qilish hajmi 3,5 baravar oshdi.

Yanvar oyida $167,6 mln lik gaz import qilingan bo‘lsa, fevralda bu ko‘rsatkich keskin kamayib, $34,6 mln ni tashkil etdi. Mart oyida import 158,3 mln ga, aprelda $147,8 mln ga, mayda $216,4 mln ga yetdi. Iyun oyida tabiiy gaz xaridi yil boshidan buyon rekord darajaga ko‘tarilib, $247 mln ni tashkil qildi. Iyulda import hajmi $38,3 mln gacha kamaygan bo‘lsa, avgustda yana oshib, $206,1 mln ga yetdi.

Yil boshidan buyon gaz eksporti 34,8% ga kamayib, $322,3 mln ni tashkil etdi. Yanvar oyida gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatilgan, eksport faqat fevralda $7,1 mln bilan qayta tiklangan.

Mart oyida eksport fevralga nisbatan besh baravardan ko‘proq oshib, $29,4 mln ga yetdi. Aprelda esa yana uch baravar ko‘payib, $92,7 mln ni tashkil etdi. May oyida eksport $73,5 mln gacha, iyunda $30 mln gacha kamaydi. Iyulda $46,8 mln ga oshgan eksport avgust oyida $42,6 mln ni tashkil etdi.

Biroq Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ko‘rsatkichlaridan biroz farq qiladi. Xitoy bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston joriy yilning yanvar-avgust oylarida $306,06 mln lik gaz eksport qilgan. Statistik ma’lumotlar o‘rtasidagi farq $16,2 mln dan oshadi.

Xitoy bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berish avgust oyida ham oshgan. Eksport qiymati $47,7 mln ni tashkil etib, iyulga nisbatan 20,4% ga ko‘paygan. Biroq o‘tgan yilning avgustiga nisbatan 2,16 baravar kamaygan.

2025-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston Xitoyga $566,2 mln lik gaz eksport qilgan. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich qariyb ikki baravar qisqardi.

Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha Rossiya yetakchilik qilmoqda. Yil boshidan buyon mamlakat $6,53 mlrd lik gaz yetkazib bergan. Ikkinchi o‘rinda $5,51 mlrd bilan Turkmaniston qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarni Myanma ($996,6 mln), Qozog‘iston ($703,6 mln) va O‘zbekiston ($306,06 mln) egallagan.


Avvalroq Spot O‘zbekiston avgust oyida oltin eksportini to‘xtatgani haqida yozgandi.