O‘zbekiston avgust oyida oltin eksportini to‘xtatdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Sakkiz oylik eksporti jami $22,86 mlrd ni tashkil etib, 2025-yilning shu davriga nisbatan 3,4% ga kamaydi. Bunga, birinchi navbatda, qimmatbaho metall eksportining qisqarishi sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, sanoat mahsulotlari eksporti 25,6% ga oshib, $3,35 mlrd ga, xizmatlar eksportidan tushum esa 33,8% ga ko‘payib, $8,54 mlrd ga yetdi.

Yanvar-avgust oylarida oltin eksportining umumiy qiymati $2,8 mlrd ni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch baravar kam ($8,32 mlrd).

Joriy yilda O‘zbekiston oltinni faqat ikki oyda — aprelda ($1,5 mlrd) va iyulda ($1,3 mlrd) eksport qildi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, qimmatbaho metall eksporti $9,9 mlrd dan oshib, tarixiy rekordni yangilagan edi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati joriy yil boshidan buyon oltin qazib olishning fizik hajmini 2025-yilning birinchi yarmiga nisbatan qariyb 2% ga qisqartirib, 1,508 mln troya unsiyasiga (46,9 tonna) yetkazdi. Shu bilan birga, pul ko‘rinishidagi ishlab chiqarish hajmi 41,7% ga oshib, 86,2 trln so‘mni tashkil etdi.

O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari 1-sentabr holatiga $72,1 mlrd ga yetdi. Bu bir oy ichida $7,78 mlrd yoki 12,1% ga ko‘pdir. O‘sishning asosiy qismi oltin qiymatining oshishi va uning fizik zaxirasi ko‘payishi hisobiga ta’minlandi.

Zaxiralardagi oltinning qiymati $8,8 mlrd yoki 15,69% ga oshib, $64,92 mlrd ga yetdi. Oltinning fizik hajmi esa 14,11 mln troya unsiyasini (taxminan 438,8 tonna) tashkil etdi. Aksincha, valyuta zaxiralari $1,01 mlrd ga kamayib, $6,64 mlrd ga tushdi.

Avgust oyi boshida oltin narxi troya unsiyasi uchun $4000 atrofida bo‘lgan. Oyning birinchi yarmida qimmatbaho metall kotirovkalari tez sur’atlarda o‘sishni boshladi. 5-avgustdan keyin oltin narxi eng yuqori darajaga ko‘tarilib, bir troya unsiyasi uchun $4700 ga yaqinlashdi. Oy oxirida bozorda narxlar biroz pasayib, oltinning bir unsiyasi taxminan $4450 atrofida shakllandi.


Avvalroq Spot Markaziy bank Shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalarni chiqarishi haqida yozgandi.