Markaziy bank Samarqandda o‘tkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalarini muomalaga chiqaradi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Tangalar Ikki tanga — bir Registon konsepsiyasi asosida yaratilgan. Oltin va kumush tangalar yonma-yon qo‘yilganda Registon maydoni peshtoqining yaxlit tasviri hosil bo‘ladi.
Tangalarning aversida Samarqanddagi Tillakori madrasasining me‘moriy elementlari va shaxmat donalari tasvirlangan. Oltin tangada 46-Butunjahon Shaxmat Olimpiadasi Samarqand-2026, kumush tangada esa 46th Fide Chess Olympiad Samarkand-2026 yozuvi joylashtirilgan.
Revers tomonida FIDE logotipi aks ettirilib, nominal qiymati ko‘rsatilgan. Shuningdek, oltin tangada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, kumush tangada esa Central Bank of the Republic of Uzbekistan yozuvi tushirilgan.
Esdalik tangalari 999,9 asillikdagi oltin va kumushdan zarb etiladi. Har birining og‘irligi 31,1 gramm, nominal qiymati 100 ming so‘mni tashkil etadi.




Dastlab 100 dona oltin va 500 dona kumush tanga chiqariladi. Bozor talabi va kolleksionerlar qiziqishidan kelib chiqib, keyinchalik qo‘shimcha nusxalar chiqarilishi mumkin.
Markaziy bankning maʼlum qilishicha, esdalik tangalarni 24-sentabrdan tijorat banklari va filiallarida xarid qilish mumkin.
Regulyator saytidagi maʼlumotga ko‘ra, 23-sentabr holatiga 31,1 grammli oltin esdalik tanganing sotuv narxi 53,68 mln so‘mni, qaytarib sotib olish narxi esa 50,1 mln so‘mni tashkil etadi.
Xuddi shu og‘irlikdagi kumush tanganing sotuv narxi 1,55 mln so‘m, qaytarib sotib olish narxi esa 760 ming so‘m etib belgilangan.
Avgust oyida regulyator Mustaqillikning 35 yilligiga oltin va kumush tangalarni chiqargandi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank oltin-valyuta zaxiralarini tashqi boshqaruvga o‘tkazmoqchi ekani haqida yozgandi.



